JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARGA MA’LUMOTNOMALAR BERISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA
Davlat xizmatlari sohasidagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar sonini maqbullashtirish orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-113-sonli Farmonining ijrosini tasdiqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 612-sonli qarori qabul qilindi va ushbu qarorga asosan Jismoniy va yuridik shaxslarga ma’lumotnomalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona Ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Ushbu Ma’muriy reglament talablariga asosan, ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
Bunda arizachilar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, har kuni 24 soat davomida ariza yuborishlari mumkin. Arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar bo‘yicha navbatdagi ish kuni aarizalarning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
Ariza beruvchi shaxsan yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli so‘rovnoma markaz xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi va YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
Shundan so‘ng, vakolatli organ belgilangan muddatlarda so‘rovnomani ko‘rib chiqib, tegishli hujjatlarni ushbu reglament va pasportlarga muvofiq bo‘lgan taqdirda, QR-kod qo‘yilgan ma’lumotnomani rasmiylashtiradi hamda uni o‘z ERIsi bilan tasdiqlab, davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga YaIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
Davlat xizmatlari markazi ma’lumotnoma kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markaziga ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, unga ma’lumotnomani ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra elektron yoki qog‘oz shaklda taqdim qiladi.
Nodira Nurmatova,
Angor tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi
Ўзбекча
Русский
English