Bugungi kunda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyoda va haydovchilarning hayotini asrab-avaylash barchamizning umumiy vazifamizdir. Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish — nafaqat qonun talabi, balki inson umriga bevosita daxldor omildir.
Kundalik hayotimizda yo‘ldan foydalanishda oddiy qoidalarga amal qilish orqali ko‘plab noxush holatlarning oldini olish mumkin. Masalan, haydovchilarning belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilishi, piyodalarning belgilangan o‘tish joylaridan foydalanishi, bolalarni yo‘lda kattalar hamrohligisiz qoldirmaslik — inson hayotini asrab qolishda asosiy shartlardan hisoblanadi.
Afsuski, ba’zan bee’tiborlik, shoshma-shosharlik va qoidalarga beparvolik yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Har bir haydovchi rulga o‘tirganda nafaqat o‘zining, balki boshqalarning ham hayoti uchun mas’ul ekanini unutmasligi lozim.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish — oilangizning, farzandlaringizning va yaqinlaringizning xavfsizligi demakdir. Shu bois barchamizni qonun qoidalarga qat’iy amal qilishga, yo‘lda hushyor va ogoh bo‘lishga chaqirib qolaman.
Esda tuting: “Yo‘l qoidasi — umr foydasi”.
Sanjar Mengliboyev,
Angor tumani IIB JXXG inspektori
Ўзбекча
Русский
English