Tuman markaziy o‘yingohida Navro‘z tantanalari

Ona yurtimizga fasllar kelinchagi bahor tashrif buyurdi. Butun tabiat go‘zallikka burkanmoqda. Atrof-muhitning betakror tarovatidan ko‘zingiz quvnaydi. Ana shunday betakror lahzalarda yurtimiz bo‘ylab “Navro‘z” sayllari o‘tkazilmoqda.

Angor tumanida ham xalqimizning qadimiy urf-odatlari, an’analari, umrboqiy qadriyatlarini o‘zida ifoda etgan milliy bayramimiz keng nishonlanmoqda.

Erta tongdan tuman ahli va mehmonlar ushbu markaziy o‘yingohga tashrif buyurdilar.

Doshqozonlarda sumalak va boshqa milliy taomlar tayyorlanib, elga ulashildi. Tuman tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahallalar tomonidan ayyom bilan bog‘liq urf-odat va an’analar, milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil qilindi. Dorboz o‘yinlari, milliy va xalq o‘yinlari namoyish etildi.

Bayram shodiyonalari avvalida, tuman hokimi Qosim Mardonov so‘zga chiqib, barchani sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy udumimiz–Navro‘zi olam bilan qizg‘in muborakbod etdi.

Navro‘z – inson va tabiatni asrab-avaylashga, tinchlik, do‘stu birodarlik va hamkorlik kabi umumbashariy qadriyatlarni e’zozlashga chorlaydigan ulug‘ bayramdir.

Ushbu qutlug‘ ayyomda turli nizo va adovatlar, gina-arazlar unutiladi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ahillik tamoyillari yanada kuchayadi.

Angor tumani hokimligi axborot xizmati