Yurtimiz bo‘ylab bahor elchisi, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami keng nishonlanmoqda.
Angor tumanida ham bayramni munosib nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi. Tuman hududi bo‘ylab keng ko‘lamdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Bayram tadbirlarining asosiy qismi o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy o‘yingohga erta tongdan yurtdoshlarimiz tashrif buyurdilar. Barchaning yuzida shukronalik, bayram shukuhi aks etgan.
Bayramga tashrif buyurgan Angor tumani hokimi Qosim Mardonov boshchiligida tashkilot va muassasalar rahbarlari milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar bilan tanishar ekan, tadbir qatnashchilarini bayram bilan qutlab, har bir xonadonga tinchlik, omonlik, oilaviy baxt, to‘kinlik tiladi.
Bayram dasturxoniga tortish uchun tayyorlangan milliy taomlarimiz, sumalaklar, xalq amaliy san’ati, kasanachilik, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va milliy o‘yinlarimizning namoyishi bayram qatnashchilarining dillarini yanada xushnud qildi.
Bayramda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova hamda taniqli xonanda Aidalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi bayram qatnashchilariga zavq-shavq ulashdi.
Kurash musobaqasi ham qizg‘in baxs munozaralarga boy bo‘ldi.
Viloyatimizning turli hududlaridan kelgan polvonlar kuch sinashar ekan, ularga tomoshabin-larning guldiros hayqirig‘i o‘zgacha kuch bag‘ishladi.
Bir so‘z bilan aytganda Angor tumanida tashkil etilgan Navro‘z umumxalq bayrami barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Angor tumani hokimligi Axborot xizmati
Ўзбекча
Русский
English