Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida sudlarda amalga oshirilayotgan islohotlar

Korrupsiya har qanday jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘diradigan, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini pasaytiradigan, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradigan salbiy illat hisoblanadi. Shu boisdan ham korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish masalasi bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan bo‘lib, bu borada barcha sohalar qatori sud-huquq tizimida ham keng ko‘lamli va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sud hokimiyati jamiyatda adolatni qaror toptiruvchi, qonun ustuvorligini ta’minlovchi muhim institut sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishda alohida o‘rin tutadi, chunki sudlarda shaffoflik va xolislik ta’minlanmas ekan, jamiyatda adolat va qonuniylikka bo‘lgan ishonch mustahkamlanmaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud tizimini isloh qilish, sudlarning mustaqilligini kuchaytirish, sud faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan qator qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ular amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda. Sudlarda korrupsiyani oldini olish, avvalo, sudyalarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlashdan boshlanadi, chunki sudya hech qanday tashqi ta’sir, bosim yoki manfaatlardan holi holda, faqat qonun va ichki e’tiqodiga asoslanib qaror qabul qilgan taqdirdagina adolatli sudlov ta’minlanadi.

Shu maqsadda sudyalarni tanlash, tayinlash va lavozimga ko‘tarish tartibi tubdan takomillashtirildi, sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralashda ularning kasbiy bilim va tajribasi, axloqiy qiyofasi, halolligi va mas’uliyati asosiy mezon sifatida belgilandi, bu esa sud tizimiga tasodifiy yoki manfaatdor shaxslarning kirib kelishining oldini olishga xizmat qilmoqda. Sudyalarning faoliyatini baholash va intizomiy javobgarligini kuchaytirish ham korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etib, sudyalar tomonidan qonun buzilishi yoki xizmat vakolatlaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlariga nisbatan murosasiz munosabat bildirilmoqda va qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining keng joriy etilishi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda, xususan sud majlislarining ochiq o‘tkazilishi, sud qarorlarining elektron manbalarda e’lon qilinishi, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillarining sud jarayonlarida ishtirok etishi sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, shaffoflikni ta’minlamoqda. Sud tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish korrupsiyani oldini olish yo‘lidagi eng samarali vositalardan biri bo‘lib, elektron sud tizimlari orqali da’vo arizalarini onlayn topshirish, ishlarni avtomatik taqsimlash, sud majlislarining sanasi va natijalari haqida tezkor axborot olish imkoniyatlari yaratildi, bu esa inson omilini kamaytirib, poraxo‘rlik va manfaatdorlik holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda sudlar tomonidan qonunlarning qat’iy va bir xil qo‘llanilishi ta’minlanib, jazoni tayinlashda jinoyatning og‘irlik darajasi, yetkazilgan zarar miqdori, jamiyat uchun xavflilik darajasi va aybdorning shaxsi har tomonlama inobatga olinmoqda, bu esa korrupsiyaga qarshi kurashda muqarrar javobgarlik tamoyilining amalda ta’minlanishiga olib kelmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi faoliyatida ham korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, sud ishlarini taqsimlash avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilmoqda, sud majlislari belgilangan tartibda ochiq va shaffof o‘tkazilmoqda, fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida va xolis ko‘rib chiqilmoqda, sud apparati xodimlari o‘rtasida halollik, xizmat intizomi va odob-axloq qoidalariga rioya etish bo‘yicha muntazam tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Sud xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim omil bo‘lib, shu maqsadda sudyalar va sud apparati xodimlari uchun malaka oshirish kurslari, o‘quv seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda va har bir xodim o‘z xizmat burchini halol, vijdonan va qonuniy asosda bajarishi zarurligi doimiy ravishda uqtirib borilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning faolligi ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, sudlar faoliyatida qonunbuzilish yoki korrupsiyaviy holatlarga duch kelgan shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan va har bir murojaat qonuniy tartibda ko‘rib chiqilishi ta’minlanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida sudlarda amalga oshirilayotgan islohotlar adolatli sudlovni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda va bu islohotlar izchil davom ettirilishi natijasida jamiyatda halollik, ochiqlik va adolat tamoyillari yanada mustahkam qaror topib, sud tizimi korrupsiyaga qarshi kurashishda yetakchi va ishonchli institut sifatida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashi shubhasizdir.

T.Bekpulatov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi raisi

0 izox

Izox qoldirish