Konstitutsiya — inson qadr-qimmati, adolat va taraqqiyot kafolati

Konstitutsiya har bir mustaqil davlatning siyosiy, huquqiy va ma’naviy poydevori bo‘lib, u jamiyat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan, inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadigan muhim hujjat hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham aynan xalq irodasiga tayangan holda yaratilgan, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan, adolat, tenglik va qonun ustuvorligini o‘zida mujassam etgan bosh Qonundir. Konstitutsiya nafaqat huquqiy hujjat, balki xalqimizning tarixiy tajribasi, orzu-intilishlari va kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘zida aks ettirgan ulug‘ qadriyatdir. U davlat hokimiyati organlari faoliyatining huquqiy asosini belgilab berish bilan birga, har bir fuqaroning huquq va majburiyatlarini aniq va ravshan ifodalaydi.

Konstitutsiya qabul qilingan kundan boshlab O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘li, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasidagi ezgu maqsadlari mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi. Bugungi kunda Konstitutsiya jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, inson qadr-qimmatini yuksaltirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Konstitutsiyada belgilangan normalar har bir fuqaroning kundalik hayotida bevosita namoyon bo‘lib, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda. Inson huquqlari, so‘z va e’tiqod erkinligi, ta’lim olish, mehnat qilish, sud himoyasidan foydalanish kabi asosiy huquqlar Konstitutsiyada mustahkam kafolatlangan bo‘lib, bu normalar davlat organlari faoliyatida ustuvor ahamiyatga ega.

Ayniqsa sud-huquq tizimi faoliyatida Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir, chunki sudlar odil sudlovni amalga oshirishda, eng avvalo, Konstitutsiya va qonunlarga tayangan holda ish yuritadi. Konstitutsiya sudlarning mustaqilligini, sudyalarning faqat qonunga bo‘ysunishini belgilab berib, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda muhim kafolat bo‘lib xizmat qiladi. So‘nggi yillarda Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash, davlatning inson oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan normalarning mustahkamlanishi Konstitutsiyaning hayotiyligini va zamon talablari bilan hamnafasligini yana bir bor namoyon etdi.

Yangi konstitutsiyaviy yondashuvlar asosida davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari kuchaytirilib, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kengaytirildi. Bu esa jamiyatda demokratiya va fuqarolik faolligining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Konstitutsiya yosh avlodni Vatanga sadoqat, qonunga hurmat va fuqarolik burchiga mas’uliyat ruhida tarbiyalashda ham muhim o‘rin tutadi, chunki Konstitutsiyaviy qadriyatlar har bir fuqaroning ongida mustahkam o‘rnashgan taqdirdagina jamiyatda qonuniylik va adolat barqaror qaror topadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi faoliyatida ham Konstitutsiyada belgilangan normalar va tamoyillar asosiy mezon sifatida e’tirof etilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, odil sudlovni ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.

Sud ishlarini ko‘rib chiqishda Konstitutsiyaning bevosita amal qilishi, inson huquqlarining ustuvorligi, aybsizlik prezumpsiyasi va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilinmoqda. Shu bilan birga sud tizimida Konstitutsiya mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, huquqiy madaniyatni oshirish, fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va himoya qila olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Konstitutsiya — bu faqat davlat organlari uchun emas, balki har bir fuqaro uchun kundalik hayot qo‘llanmasi bo‘lib, u jamiyatda o‘zaro hurmat, mas’uliyat va qonuniylik muhitini shakllantiradi. Konstitutsiyaga hurmat bilan qaraydigan jamiyatda qonunbuzarliklar kamayadi, adolat va barqarorlik mustahkamlanadi, inson qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’zozlanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning bugungi farovon hayoti va kelajak taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib, u adolatli jamiyat barpo etish yo‘lida barchamizni birlashtiruvchi buyuk hujjatdir. Konstitutsiyaga sadoqat, unga hurmat va uning talablariga amal qilish har bir fuqaroning sharafli burchi bo‘lib, aynan shu tamoyillar asosida mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanadigan, qonun ustuvor bo‘lgan va adolat hukmron jamiyat barpo etilishi shubhasizdir.

A.Davronov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi devonxona mudiri

0 izox

Izox qoldirish