Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bugungi kunda nafaqat ijtimoiy, balki huquqiy va ma’naviy muammo sifatida jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid solayotgan salbiy hodisalardan biri hisoblanadi. Zo‘ravonlikning har qanday shakli inson sha’ni va qadr-qimmatini poymol etib, eng avvalo ayollarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga tajovuz hisoblanadi. Shu bois ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish, ularni himoya qilish va bunday holatlarning oldini olish O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu borada sud-huquq tizimi zimmasiga ham muhim vazifalar yuklatilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlarini qat’iy bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va jinsiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lib, ularning har biri ayolning sog‘lig‘i, ruhiy holati va jamiyatdagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Afsuski, ayrim hollarda zo‘ravonlik oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilib, jabrlanuvchi ayolning uzoq vaqt davomida sukut saqlashiga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmasligiga sabab bo‘lmoqda, bu esa zo‘ravonlikning davom etishiga zamin yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda sudlarning roli alohida ahamiyat kasb etadi, chunki sud adolatni qaror toptiruvchi, jabrlanuvchilarning huquqlarini tiklovchi va aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘ruvchi mustaqil hokimiyat tarmog‘i hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza shakllantirilgan bo‘lib, tegishli qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar sudlar tomonidan izchil va qat’iy qo‘llanilmoqda. Sud amaliyotida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda, avvalo, jabrlanuvchining xavfsizligi, huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida e’tirof etiladi.
Sudlar tomonidan himoya orderlarini qo‘llash, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan cheklov choralarini belgilash, ularning jabrlanuvchiga yaqinlashishini taqiqlash kabi huquqiy mexanizmlar keng tatbiq etilmoqda. Bu esa ayollarning o‘zini himoyalangan his etishiga, zo‘ravonlik holatlari haqida ochiq murojaat qilishiga zamin yaratmoqda. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ishlarini ko‘rib chiqishda sudlar tomonidan har bir holat individual ravishda, sinchiklab va xolisona o‘rganilib, dalillar har tomonlama baholanadi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan jazolar adolat tamoyiliga muvofiq qo‘llaniladi.
Bu esa jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik uchun muqarrar javobgarlik mavjudligi haqidagi tushunchani shakllantirishga xizmat qilmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi faoliyatida ham ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, bunday holatlarning oldini olish va jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sudda ushbu toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishda qonun talablariga qat’iy rioya etilib, jabrlanuvchi ayollarga nisbatan hurmat va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘linmoqda, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Sud majlislarining ochiq va oshkora o‘tkazilishi, sud qarorlarining qonuniy va asosli bo‘lishi ham zo‘ravonlikka qarshi kurashishda muhim omil hisoblanadi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishda faqat jazolash bilan cheklanib qolmasdan, profilaktika va tushuntirish ishlarini kuchaytirish ham muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda sudlar tomonidan mahallalar, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ayollarning huquqlari, ularni himoya qilish mexanizmlari va zo‘ravonlikning oqibatlari haqida keng tushuntirishlar berilmoqda. Jamiyatda sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillarini qaror toptirish ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sud amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabat bildirilgan jamiyatda bunday holatlar asta-sekin kamayib boradi. Shu bois sudlar tomonidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka oid ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik, adolat va insonparvarlik tamoyillariga qat’iy amal qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlarning, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi hisoblanadi. Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayollarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qat’iy choralar, huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilishi natijasida ayollar o‘zlarini xavfsiz, himoyalangan va jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his etadigan adolatli muhit shakllanishi shubhasizdir.
B.Cho’liyev, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi sudyasi
Ўзбекча
Русский
English