Assalom Navro‘z!

Ona yurtimizga fasllar kelinchagi bahor tashrif buyurdi. Butun tabiat go‘zallikka burkanmoqda. Atrof-muhitning betakror tarovatidan ko‘zingiz quvnaydi. Ana shunday betakror lahzalarda yurtimiz bo‘ylab Navro‘z sayllari o‘tkazilmoqda.
Angor tumanida ham xalqimizning qadimiy urf-odatlari, an’analari, umrboqiy qadriyatlarini o‘zida ifoda etgan milliy bayramimiz keng nishonlanmoqda.
Erta tongdan tuman ahli va mehmonlari ushbu markaziy o‘yingohga tashrif buyurdilar.
Tuman tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahallalar tomonidan ayyom bilan bog‘liq urf-odat va an’analar, milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil qilindi. Milliy va xalq o‘yinlari namoyish etildi.
Shundan so‘ng maydon uzra mayin kuy taraldi. Ko‘klam sog‘inchi, tabiatga oshuftalik, ona zaminga muhabbat, ertangi yorug‘ kunga ishonch hissi bilan yo‘g‘rilgan bu nafis ohang uni tinglayotgan har bir qalbning tub-tubiga yetib bordi.
Bayram shodiyonalari avvalida, tuman hokimi Qosim Mardonov so‘zga chiqib, barchani sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy udumimiz – Navro‘zi olam bilan qizg‘in muborakbod etdi.
Jajji o‘g‘il-qizlarimiz tomonidan ijro etilgan jarangdor qo‘shiqlar barchani bolalikning sirli olamiga yetakladi.
Tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari, badiiy havaskorlik dastalari tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar barchani xushnud etdi.
Poytaxt Toshkent shahridan tashrif buyurgan, o‘zlarining diltortar qo‘shiqlari bilan barchaga zavq ulashgan estrada olamida o‘ziga xos ovozi hamda san’atiga ega bo‘lgan xonanda Ziyodaning chiqishlari bayram qatnashchilari tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.
Navro‘z – inson va tabiatni asrab-avaylashga, tinchlik, do‘stu birodarlik va hamkorlik kabi umumbashariy qadriyatlarni e’zozlashga chorlaydigan ulug‘ bayramdir.
Ushbu qutlug‘ ayyomda turli nizo va adovatlar, gina-arazlar unutiladi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ahillik tamoyillari yanada kuchayadi.
Navrozi olam, yangi kun muborak, aziz tumandoshlar.

Angor tumani hokimligi axborot xizmati

0 izox

Izox qoldirish