30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyatida ham turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ayni paytda uch davlat bilan chegaradosh vohaning 724 mahallasidagi 720 ming 500 dan ortiq oilasida yigirmadan ziyod millat va elat vakillari ahil, osuda, obod, to‘kin yashamoqda. Joylarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik, yaqin qo‘shnichilik va inoqlik, turli millatlarning qadriyat hamda urf-odatlari keng tarannum etilmoqda.
Angor tumanida o‘tkazilgan “Do‘stlik ohanglari” nomli tadbir ham hududda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarini yagona maqsad sari bir davrada birlashtirdi. Tadbirda mamlakatimizda barcha millat va elatlarning huquq hamda erkinliklari qonun bilan himoyalangani, o‘z ona tilini o‘rganishi, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun yetarli sharoit yaratilgani alohida ta’kidlandi. Bunday e’tibor o‘zaro do‘stlik hamda totuvlikni yanada mustahkamlab, yagona Vatan O‘zbekistonni obod qilish, tinchligini asrash va osuda, farovon turmush kechirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Madaniy-ma’rifiy tadbir doirasida tashkil etilgan gala-konsertda turli millat vakillari o‘zlarining milliy kuy-qo‘shiqlari va raqslari bilan ishtirok etdi. Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan dasturda Yangi O‘zbekistonda hukm so‘rayotgan tinchlik, barqarorlik va bag‘rikenglik faxr-iftixor bilan kuylandi.
Millat va elatlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik rishtalari sharaflanayotgan tadbir tumandagi mahalla va qishloqlarda davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
Ўзбекча
Русский
English