"Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni (PF-49-son 13.03.2024 y.) qabul qilindi.

Unga muvofiq, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KRI), ularga erishish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” hamda ular tomonidan hududlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi Hukumat tomonidan tasdiqlanadi.

Samaradorlik ko‘rsatkichlariga o‘z vaqtida va sifatli erishilishini ta’minlash va ularning bajarilishini monitoring qilish tizimini raqamlashtirish maqsadida:

-samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot har chorakda  “samaradorlik.uz” elektron platformasiga  kiritiladi hamda unda rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi reytingi shakllanadi;

-har bir samaradorlik ko‘rsatkichiga belgilanadigan salmoq o‘lchovi yig‘indisidan kelib chiqib, samaradorlik ko‘rsatkichlari ular bajarilishi 70 foizdan kam bo‘lganda – “qoniqarsiz”, 70 foizdan 85 foizgacha – “qoniqarli”, 85 foizdan 100 foizgacha – “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda “a’lo” deb baholanadi.

Farmonga ko‘ra, samaradorlik ko‘rsatkichlarining bajarilishida rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida:

-respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish to‘lovlari miqdori ularning samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash natijalaridan kelib chiqib belgilanadi;

-chorak yakuni bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish natijalari “qoniqarsiz” deb baholangan rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga rag‘batlantirish to‘lovlari kelgusi 3 oy uchun to‘xtatiladi va ularga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi;

Bundan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida samaradorlik ko‘rsatkichlari asoslantirilgan sabablarga ko‘ra bajarilmaganligi tasdiqlangan hollar mustasno

-yil yakuni bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish natijalari “qoniqarsiz” deb baholangan rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga nisbatan ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Angor tumani adliya bo‘limi

DXM yetakchi mutaxassis                                                              M.Abdullaev