OZODLIKDAN MAHRUM ETISH JOYLARIDAGI SHAXSLAR BILAN NIKOHNI QAYD ETISH MUMKINMI?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.10.2023-yil 20-oktabrdagi 550-son nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan shaxslar bilan nikohni qayd etish shu muassasa joylashgan hududdagi FHDYO organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs nikohga kirish haqidagi maxsus blankdagi arizaning o‘ziga taalluqli qismini to‘ldirib, doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’iy nazar, FHDYO organiga topshiradi. FHDYO organi arizada keltirilgan ma’lumotlarni ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan solishtiradi, arizada qayd etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini va arizachining imzosini tasdiqlaydi va unga arizani qaytaradi. Shundan so‘ng, mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs bu arizani mahkumga berishi uchun jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga topshiradi.
Mahkum bilan nikohga kirish haqidagi arizani olgandan keyin jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati uni tegishli joyini to‘ldirish uchun mahkumga taqdim etadi. Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati to‘ldirilgan arizadagi ma’lumotlarni mahkumning shaxsiy yig‘majildidagi ma’lumotlar (mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda ham) bilan solishtiradi, ularning haqiqiyligini va imzosini tasdiqlaydi hamda arizani jazoni ijro etish muassasasi joylashgan mazkur hududdagi FHDYO organiga yuboradi.
Bunda ariza FHDYO organi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin shu kunning o‘zida nikohga kiruvchi mahkumning tibbiy tekshiruvdan o‘tishi uchun yo‘llanma va nikohni qayd etish vaqtini belgilash to‘g‘risidagi xabarnoma jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga yuboriladi.
Agar mahkumning shaxsiy yig‘majildida uning oilaviy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasa, kam yoki noaniq bo‘lsa, u holda jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati bu ma’lumotlarni tegishli tashkilotlar va muassasalar orqali ularni talab qilib olish yoki aniqlash choralarini ko‘radi.
Jazoni o‘tash muassasalari ma’muriyati mahkumni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan belgilangan tartibda o‘tkazadi. Mahkum bilan nikohni qayd etish FHDYO organi bilan kelishilgan holda jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati tomonidan ajratilgan binoda nikohga kiruvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi.
Mahkum bilan nikohga kiruvchi shaxsga FHDYO organi tomonidan nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma beriladi. Mahkumning shaxsiy yig‘ma jildidagi anketasiga FHDYO organi tomonidan shtamp bosiladi, er yoki xotinning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, FHDYO organining nomi hamda nikoh tuzilgan sana va dalolatnoma yozuvi raqami yozib qo‘yiladi.
Sudgacha qamoqda ushlab turilgan shaxslar bilan nikohni qayd etish tergov ishini olib borayotgan mansabdor shaxs yoki organ ruxsati bilan shu hududdagi FHDYO organi tomonidan, vaqtincha saqlash hibsxonasida (tergov hibsxonasida) amalga oshiriladi.
Mazkur Qoidalarning 99-bandida ko‘rsatilgan holatda nikohga kirish haqidagi arizaga va nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga qayd etishga ruxsat bergan organning mansabdor shaxsi imzosi qo‘yiladi.
N.Raimova,
FHDYO bo‘limi inspektori
Ўзбекча
Русский
English