Nodavlat notijorat tashkilotlarning ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibidan xabardormisiz?
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida amalga oshiriladi.
NNT ramzi tasdiqlangan kundan boshlab ikki oy mobaynida NNTning vakili (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchi) davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun Platforma yoxud YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
Arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, navbatdagi ish kuni arizalarning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.
Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda — Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, Platforma yoki YaIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda esa-mustaqil ravishda ushbu Nizomga 1-ilovasiga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
NNT rahbar organi tomonidan tasdiqlangan ramzning nizomi;
NNT davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
ramzning namunasi va tavsifi;
NNT rahbar organining NNT ramzlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori;
bosh NNTning xalqaro va xorijiy NNT vakolatxonasi hamda filiali ramzini hamda uning tavsifini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori — xalqaro va xorijiy NNT vakolatxonalari hamda filiallari uchun;
vakilning vakolatini tasdiqlaydigan hujjat (ishonchnoma).
So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (Mobile-ID tizimi, elektron raqamli imzo, daktiloskopiya va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Bekzod Mustafaqulov,
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi Nodavlat notijorat tashkilotlar sho‘basi bosh maslahatchisi
Ўзбекча
Русский
English