"Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-55-son, 01.04.2024 y.) qabul qilindi.

2024/2025 o‘quv yilidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur maktablarda:

-o‘quvchilarning yaratuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar tashkil etiladi;

-o‘quvchilarga amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish masalalarida ko‘mak ko‘rsatiladi;

-o‘quvchilar ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etiladi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan loyihalar bilan tanishtiriladi;

-o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish maqsadida “Yosh akademiklar” klublari tashkil etiladi.

Har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovi o‘tkaziladi.

Farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan o‘zaro integratsiyalashgan o‘quvchilarni muhandislik asoslariga o‘rgatish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

Bunda:

-Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi;

-muhandislik dasturlariga tanlov umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining matematika, mantiqiy fikrlash, informatika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha qobiliyati bor 6-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi;

-muhandislik ta’lim dasturlari “Yangi O‘zbekiston” universiteti bakalavriat ta’lim dasturlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi;

-muhandislik ta’lim dasturlarini lozim darajada o‘zlashtirgan bitiruvchilarga o‘z o‘qishini “Yangi O‘zbekiston” universiteti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan davom ettirish huquqi beriladi.

Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda:

-chet tilini bilish bo‘yicha kamida V2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan fanlarni chet tilida o‘qitish amaliyoti joriy etiladi;

-matematika, fizika, kimyo, biologiya, tabiiy fanlar (science), informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan darslarni chet tilida olib borgan o‘qituvchilarga tarif stavkasiga nisbatan 100 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Prezident maktablarining mahalliy o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 350 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

Bunda, ustama pedagoglar tomonidan quyidagi shartlarning barchasi bajarilgan taqdirda to‘lanadi:

-Kembridj (Cambridge Assessment International Education) xalqaro ta’lim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni o‘qitish bo‘yicha 3 ta (Introductory, Extension, Marking) kursni muvaffaqiyatli tugatish va bu haqida tegishli sertifikat olish;

-Prezident maktablarida kamida 1 yillik ish stajiga va chet tilini bilish bo‘yicha kamida S1 darajadagi yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish.

Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Agentlik tizimidagi maktablarda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimini joriy qilish maqsadida darsdan tashqari mashg‘ulotlar sifatida quyidagi mashg‘ulotlar tashkil etiladi:

1) 5–8-sinflarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimizning ibratli hayotini bugungi harbiylarimiz jasorati bilan bog‘lab, Vatan himoyachisi ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan;

2) 9–11-sinflarda harbiy o‘yinlar va sport musobaqalarini o‘tkazish, o‘quvchilarning harbiylar bilan bevosita uchrashuvlarini tashkil etish orqali harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirish va harbiy xizmatga tayyorgarlik bosqichini o‘tashga yo‘naltirilgan.

Har yili o‘quvchilar o‘rtasida “Turon yo‘lbarslari” harbiy sport (“Temur tuzuklari” bilimdoni, kamondan o‘q otish, qurolni to‘liq bo‘lmagan qismlarga ajratish va yig‘ish, sport qurolidan o‘q otish, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish) musobaqalari o‘tkaziladi.

Milliy an’ana va qadriyatlarni aks ettiradigan namunaviy maktab burchaklari tashkil etiladi.

O‘quvchilarda axloqiy, ijtimoiy-hissiy va estetik didni rivojlantirish, tarixiy siymolar hayotini badiiy talqinda aks ettirish, milliy qadriyatlarni ulug‘lashga yo‘naltirilgan “Turon” teatr studiyasi faoliyati tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.

Angor tumani adliya bo‘limi

YXKM bosh yuriskonsulti                                                          B.Boynazarov