Iqtisodiy sudlarda shartnomani bekor qilish bilan bog'liq nizolarni ko'rib chiqishning o'ziga xos jihatlari

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 353-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi.

Mazkur Kodeksning 354-moddasi birinchi va ikkinchi qismida, fuqarolar va yuridik  shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar, shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Bilamizki, fuqarolar hamda yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi aksariyat nizolar shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadi.

Vaholanki, FKning 234-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan boshqa asoslardan kelib

chiqadi.

Qonunchiligimizda shartnomani bekor qilishning hamda o‘zgartirishning o‘ziga xos jihatlari belgilab berilgan.

Xususan, FKning 382-moddasiga ko‘ra, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki

shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar yetkazishi

shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi.

Shartnomani sud tomonidan bekor qilish to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rib chiqishning

o‘ziga xos jihatlari shundaki, avvalo shartnoma taraflari shartnomani bekor qilishda

FKning 384-moddasi talablariga rioya qilinganligi holatiga aniqlik kiritish lozim

bo‘ladi.

Xususan, FKning 384-moddasida, shartnoma qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni

o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi,

basharti qonunchilikdan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib

kelib chiqmasa.

Bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa-o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin, deb belgilangan.

Bundan shuni tushunish mumkinki, avvalo shartnoma qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni

o‘zgartirish va bekor qilish ham xuddi shunday taraflarning o‘zaro roziligiga asosan kelishuv tuzish orqali amalga oshiriladi.

Agarda shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilishga shartnoma taraflaridan biri rozi bo‘lmagan taqdirda, u sud orqali bekor qilinishi mumkin. Bu holatda shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish hohishi bo‘lgan taraf uni o‘zgartirish yoki bekor qilish

haqidagi o‘z taklifini shartnomaning ikkinchi tarafiga yuborishi lozim bo‘ladi.

O‘zining taklifiga rad javobi olgandan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa -

o‘ttiz kunlik muddatda taklifiga javob olmagan shartnoma tarafi shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi da’vo talabi bilan sudga murojaat qilish mumkin.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 148-moddasi ikkinchi qismida, agar qonunda muayyan toifadagi nizolar uchun sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, faqat taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan keyingina sudda ish qo‘zg‘atilishi mumkinligi belgilangan.

Mazkur Qonun normasiga rioya qilmaslik kelgusida da’vo arizasining sud tomonidan ko‘rmasdan qoldirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

T.Jabbarov, Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudining sud’yasi