“Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-115-son, 05.03.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
-tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;
-2024 yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi;
-2024 yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi;
-ishlab chiqarishga oid loyihalar bilan bir qatorda mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga, 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;
-qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bundan mustasno, muzlatgichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi;
-o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga xonadonlarda biogumus tayyorlash faoliyati kiritiladi.
Qarorga ko‘ra, “Online-mahalla” platformasining “Aholi tomorqasi” moduliga tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xonadonda mavjud issiqxonalar hamda tomorqadan samarali foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar har 6 oyda (aprel, oktyabr oylarida) kiritiladi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 4 foizi bank marjasi) quyidagicha beriladi:
-chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala do‘konlari”ni qurish uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga;
-bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, artezian quduqlarini qazish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvargacha motokultivatorlar (TIF TN kodi – 8432 29 100 0), bir o‘qli traktorlar (TIF TN kodi – 8701 10000 0) va minitraktorlarni (TIF TN kodi — 8701 91 100 0 — 8701 94 100) olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari belgilanadi.
Angor tumani adliya bo‘limi
DXM yetakchi mutaxassis M.Abdullaev
Ўзбекча
Русский
English