AHOLI VA DAVLAT XIZMATCHILARINING KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH SOHASIDAGI BILIMLARINI UZLUKSIZ OSHIRIB BORISH DAVR TALABI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-228-son qaroriga ko‘ra, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuraturasining aholi va davlat xizmatchilarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasini 2025-yil 1-yanvardan joriy etish haqidagi taklifi ma’qullandi.

Mazkur qarorga muvofiq. “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasining uzluksiz ishlashini, o‘quv kontenti va materiallari bilan muntazam to‘ldirilishi va yangilab borilishini ta’minlaydi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘quv jarayonini tashkil etadi, shu jumladan o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi, o‘quv kurslari haqidagi ma’lumotlarni “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida joylashtiradi, tinglovchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi natijalari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, o‘quv kurslarini tamomlagan shaxslarning reestrini yuritadi, o‘quv jarayoniga davlat organlari va tashkilotlarining, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining malakali mutaxassislarini, shu jumladan xorijiy ekspertlarni jalb qiladi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida o‘qitish quyidagi kontingent uchun korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv dasturlari asosida olib boriladi:

aholi, tadbirkorlik subektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;

ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari;

davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida o‘qitish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bazaviy hamda maxsus o‘quv kurslari bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi. Bunda bazaviy o‘quv kurslarida o‘qitish barcha foydalanuvchilar uchun bepul va maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi;

Davlat xizmatchilariga “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasining maxsus o‘quv kurslarida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirish majburiy hisoblanadi. 

Bunda davlat xizmatchisi ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tadi, davlat xizmatchilari malakasini oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi, korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korruptsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi.

Maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi sertifikat beriladi.

Ushbu qaror bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga 2025-yil 1-yanvarga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi va uning mobil ilovasini ishga tushirishi belgilandi.

X.Xakimov,

Surxondaryo viloyat ma'muriy sudining sudyasi