«10 savolga 10 javob»

Savol: Nogironlik pensiyasi kimlarga tayinlanadi?

 Javob: Nogironlik pensiyalari qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan shaxslarga, shuningdek Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan shaxslarga tayinlanadi.

Shuningdek, Nogironlik pensiyasi TIEK tomonidan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan, sug‘urta qilingan xodimlarga:

mehnatda mayib bo‘lganligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi tufayli-mehnat faoliyatining muddatidan qat’iy nazar;

boshqa sabablar tufayli-muddati sug‘urta qilingan xodimning nogironlik ro‘y bergan vaqtdagi yoshiga bog‘liq tegishli umumiy mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda tayinlanadi.

 

Savol:Nogironlik pensiyasini tayinlash muddatlari

Javob: Pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab 60 kungacha murojaat qilinsa – TIEK tomonidan nogironlik belgilangan kundan boshlab;

60 kunlik murojaat qilish muddati o‘tkazib yuborilgan xollarda murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi.

Nogironlik pensiyalari TIEK tomonidan belgilangan butun nogironlik davri uchun tayinlanadi.

60 yoshdan oshgan erkak va 55 yoshdan oshgan ayollarga nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi.

Ana shu nogironlarni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi

 

Savol:Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari

Javob: Qat’iy belgilangan soliq stavkasi to‘lovchisi I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanganida faoliyat turidan va uni amalga oshirish joyidan qat’i nazar, oyiga qat’iy belgilangan miqdordagi soliqning 50 foizini, biroq BHMning 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘laydi.

Shuningdek, Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar er solig‘idan ozod etiladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

 

Savol: I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim imtiyozlari

Javob: 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

«Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, etim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;

«Ijtimoiy himoya yagona reestri», «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»da turadigan talabalar;

-I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;

-bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;

-xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;

-«Yil talabasi» va «Talabalar teatr studiyalari» ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;

-oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Zakovat» intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;

-talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

 

Savol:O‘qishni ko‘chirish, chetlatish va tiklash

Javob: Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirishi yoki qayta tiklashda ta’lim yo‘nalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

Oliy ta’limning turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash:

-oliy ta’lim muassasalari;

-tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;

-ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qarorlari asosida amalga oshiriladi.

 

Savol:Prezident maktablari haqida

Javob: Prezident maktablariga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida (ikkita sinfga bir xil-12 nafardan o‘quvchi taqsimlangan, 24 nafar o‘quvchidan iborat) o‘quvchilar qabul qilinadi.

Prezident maktablarida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshiriladi.

O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish:

-Prezident maktablarida ta’lim jarayoni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari hisobga olingan holda, umumiy o‘rta ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladigan hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.

-Prezident maktablarining 11-sinf bitiruvchilari tanlangan fanlar asosida xalqaro malaka imtihonlarini (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) topshirish huquqiga ega bo‘ladilar va ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, etakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatini taqdim etuvchi xalqaro diplom oladilar.

-O‘quvchining bir yoki bir nechta fanlardan reyting natijasi pasaygan taqdirda, u bilan individual ish olib boriladi.

 

Savol: Pasport almashtirish

Javob: Pasportni fuqarolar istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari,yoxud O’zbekiston Respublikasining shaxs borgan xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari beradi va almashtiradi

Quyidagi hollarda pasport almashtiriladi

Fuqaro pasportini yo‘qotgan taqdirda unga belgilangan tartibda pasport yo‘qolgani haqida

ariza bergan kundan boshlab 1 oy ichida yangi pasport beriladi.

Pasportni almashtirishga, shuningdek, 18 yoshga to‘lishi munosabati bilan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun arizalar - pasport amal qilish muddati tugashidan 1 oy oldin va pasport amal qilish muddati tugaganidan keyin 1 oylik muddatda hamda 18 yoshga to‘lgandan keyin 1 oylik muddatda beriladi.

 Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi        

Konsullik muassasiga taqdim etiladigan hujjatlar.

Yangi pasportni rasmiylashtirish joyidan qat’iy nazar davlat boji yoki konsullik yig‘imi undiriladi.

Pasportni qasddan yaroqsizlantirish yoki ehtiyot qilib saqlamaganlik oqibatida yo‘qotib qo‘yish jarimaga sabab bo‘ladi.

 

Savol: Yer olgan yoshlarga 100 million so‘mgacha kredit ajratilish tartibi

Javob: Tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar er maydoni elektron onlayn auktsion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ustuvor ravishda 1-ilovaga muvofiq yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi quyidagi yangi tizim joriy etiladi:

bir oy muddatda 60 ming gektar er maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auktsion savdolari «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali «mahalla ettiligi»ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi.

Bunda: yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auktsion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;

zakalat puli bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilandi.

Talabgorlarga ajratiladigan er maydonlari o‘lchamlari «mahalla yettiligi» taklifiga ko‘ra aniqlanadi.

Yer maydonlarini elektron onlayn auktsion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferentsiyalar saqlab qolinadi.

 

Savol: Tug‘ruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish

Javob: Tug‘ruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday holatlarda bolaning ushbu onadan tug‘ilganligiga guvoh bo‘lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tibbiy ma’lumotnoma berish uchun asos hisoblanadi.

 

Savol: Yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish

Javob: Tug‘ilishni qayd etish uchun yolg‘iz (qonuniy nikohda bo‘lmagan) ona tomonidan FHDYo organiga onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat va yozma ariza taqdim etiladi.

Agar tug‘ilgan bolaning onasi voyaga yetmagan bo‘lsa, tug‘ilishni qayd etish bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma hamda vasiylik va homiylik organining arizasiga asosan onaning yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan qayd etiladi.

Bunda bolani tuqqan onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birga yashash va o‘qish joyidan rasmi yelimlangan holdagi ma’lumotnomalar taqdim etilishi lozim.

Yolg‘iz onaning arizasida ona va otaning familiyasi bir xilda-onaning familiyasi bo‘yicha ko‘rsatilishi lozim.

Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida «Otasi» va «Onasi» ustunlarini ochiq qoldirish qat’iyan man etiladi.

Bolaning familiyasi esa onaning familiyasi yoki milliy an’analarga ko‘ra ona tomonidan boboning ismi bo‘yicha berilishi mumkin.

Abdushukur  Do‘sanov, Angor tuman Adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi