Chekka bir qishloqda kichkina uychada gohi qorni och, gohida to‘q, goh ro‘zg‘ori but, gohi kemtik to‘rt farzandi bilan bir oila yashar edi. Oilaning boshi Qosim aka mahallada buzilgan velosiped yana yaroqsiz holga kelgan ro‘zg‘or buyumlarini tuzatib topgan besh-to‘rt so‘m pulini ham o‘zidan orttirmay ichkilikka sarflar edi. Qosim akaning ayoli Munisa opa esa maktabni tamomlashi bilan uydagilari qo‘yarda-qo‘ymay turmushga berganligi sabab qo‘lidan tuzukroq ish ham kelmasdi.
Ularning ikki o‘g‘il yana ikkala qiz farzandlari bor edi. Katta qizlari Jamilaxon endigina o‘n ikki yosh, Islomjon o‘g‘li to‘qqiz yosh, Jasurjon esa besh yosh, erkatoy jajji qizalog‘i ikki yoshli Malikaxonlar bular bir oila edi. Qosim akaning ichkilikbozligi sababli oilada har kuni janjal. Farzandlari ko‘chaga chiqib tengdoshlari qatori vaqtini maroqli o‘tkazish o‘rniga otasining tana dashnomlarini eshitib kaltak yeyish bilan kunlari o‘tar edi. Munisa opa esa ro‘zg‘or tebratish, bolalarining qornini to‘yg‘azish uchun mardikorchilik qilib pul topar edi. Oilasi uchun ayol boshi bilan qora mehnatda ishlab kelib ham Qosim akaning ko‘ksiga pichoqdek sanchilgan gaplarini eshitib qorong‘u xonaga kirib to‘yib-to‘yib yig‘lab olardi. Yana o‘z-o‘ziga dalda berib, Ollohim sog‘-salomat yaratganiga shukronalar aytib yashash uchun kurashishda davom etardi. Oradan kunlar o‘tib Qosim akaning tez-tez tobi qochib, uyiga tez yordam mashinasi keladigan bo‘ldi. Munisa opa ro‘zg‘orining yamab bo‘lmas yirtig‘i-yu, farzandlarimning qornini qanday to‘ydiraman degan o‘y tashvishlariga turmush o‘rtog‘i Qosim akaning oladigan ukol ichadigan dorilar retsepi ham qo‘shildi. Bu orada Jamila onasining qiynalayotganini jim kuzatib turmasdan onasi bilan mardikorchilik qila boshladi. Mahalla ko‘y, qavmi-qarindoshlarning yordamiga qaramay Qosim akaning ahvoli yomonlashaverdi. Davosiz dardga chalingan Qosim aka bu yorug‘ olamdan ko‘z yumishni istamas, jon talvasasida bor alamini xotini va norasida go‘daklarni ayovsiz do‘pposlab hovrini bosar edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay erta tongda Qosim aka olamdan o‘tdi. Yomon bo‘lsa ham farzandlarining otasi ko‘z ochib ko‘rgani, bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘idan ajralgan Munisa opa bir muddat o‘ziga kelishi qiyin bo‘ldi. Qosim akaning barcha marakalarini o‘tkazib qarindosh urug‘, yoru birodarlar o‘zlari bilan ovora bo‘lib Munisa opa va uning to‘rtta yetim bolasini hech kim eslamay qo‘ydi.
Oradan kunlar, kunlar ketidan haftalar, so‘ngra oylar, keyin esa yillar o‘ta boshladi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay o‘zi och qolsa ham bolalarining qornini to‘ydirish uchun Munisa opa tinmasdan mehnat qilardi. Turmush o‘rtog‘idan erta ajralgan bu ayolga yomon ko‘z bilan qaragan erkaklar ham yo‘q bo‘lmadi. Bir marta shirin so‘z eshitmagan hatto bir dona gul olmagan bo‘lsa-da tuproq bag‘rida yotgan eriga xiyonat qilish xayoliga ham kelmadi. Bu orada Munisa opaning farzandlarining bo‘yi cho‘zilib ancha katta bo‘lib qolishdi. Jamila o‘qishdan bo‘sh paytlarida onasiga yordamchi bo‘ldi. Bechora nochor oilaning ahvoli sekin asta yaxshilana boshladi. Jamila maktabdan tashqari qo‘shimcha darslarga borar edi. Islomjon maktabdan bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha ishlab ro‘zg‘orga pul olib keladigan bo‘ldi. Munisa opaning erkatoy ikkala kichkina farzandlari ham boshlang‘ich sinfga chiqishdi. Yolg‘iz onaning farzandlari katta bo‘lib yomon kunlari ortda qola boshladi. Tinimsiz mehnatlari va harakatlari evaziga bu oila chiroyli hayot kechira boshladi. Biroz vaqt o‘tib Jamila oliy bilim yurtiga talabalikka qabul qilindi. Islomjon maktabni tugatib chorvachilik bilan shug‘ullanib, yaxshi daromad olib, o‘ziga shaxsiy mashina ham sotib oldi. Jasurjon bilan Malikaxon a’lochi o‘quvchi bo‘lib Prezident maktabida ta’lim olishni davom ettirmoqda. Go‘daklik chog‘idanoq hayotning achchiq zahmatlarini chekkan, ota mehrini his qilmagan bu bolalarga to’le kulib, shodu xurram yashamoqdalar. Faqatgina, Munisa opa va farzandlarining qalbi yuragi yarim edi. Qosim aka tirik bo‘lib bir bora farzandlarini bolam, o‘g‘lim, qizim deb suyganda edi, o‘sha notinch yuraklar taskin toparmidi?.
Muxlisa Xurramova,
39-sonli umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi
Ўзбекча
Русский
English