Tafakkur haqida tushuncha

 

Tafakkur - narsa va hodisalar o‘rtasidagi eng muhim bog‘lanishlar va munosabatlarning ongimizda aks ettirilishi.

Inson atrof-olam (narsa, hodisalar, insonlarni) va o‘zini turli xil faoliyatlarni bajarish va bu obektlarga ta’sir ko‘rsatgan holda ma’lum bir ijtimoiy va shaxsiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun o‘rganadi. Sezgi, idrok va tasavvurlar ixtiyorsiz diqqat va ko‘rgazma-obrazli xotira bilan hamkorlikda insonga aniq bir obektlar va ularning bevosita o‘rganiladigan xossalari haqida ma’lumot beradi. Psixik aks ettirishning bu shakllari inson tomonidan obektiv reallikni bilishning hissiyotli asoslaridir. Lekin alohida jismlar va real olam hodisalarini bilish istalgan amaliy vazifani hal etishda yuzaga keladigan uch ahamiyatga ega bo‘lgan savolga javob topish uchun etarli emas. Bu savollar: “yuzaga kelgan vaziyatda nimani, qay tarzda bajarish mumkin va bu harakat natijasida nima hosil bo‘ladi?” dan iborat.

Bu savollarga javob izlashda bizlarga tafakkur yordam beradi. Avvalambor, tafakkur yuksak darajadagi bilish psixik jarayon hisoblanadi. Ushbu jarayonning mohiyati inson tomonidan voqelikni faol ijodiy aks ettirish va o‘zgartirishdan iborat. Tafakkur bevosita idrokda anglamaydiganlarni ochib beradi; u olamni ahamiyatli aloqalar va munosabatlarda, uning turli xildagi vositalarida aks ettiradi. Tafakkurning asosiy vazifasi real bog‘liqliklarga asoslangan zarur aloqalarni vaqt va fazodagi tasodifiy mos kelishlardan ajratgan holda  aniqlashdan iborat.

Tafakkur jarayonida tasodifiydan zaruratga, ayrimlikdan umumiylikka o‘tish sodir bo‘ladi. Shunday qilib, tafakkurni voqelikni umumlashtirilgan va vositalangan aks ettirish sifatida ta’riflash mumkin. Bundan tafakkurning muhim belgilaridan biri umumlashtirishdan iboratligi kelib chiqadi.

Voqelikni umumlashtirgan holda aks ettirish birgina odam va zamondoshlarining emas, balki, o‘tmish avlodlarining ham tajribasini  qayta ishlab chiqish natijasidir. Bu tajriba til yordamida og‘zaki va yozma nutqda (o‘qituvchilar ma’ruzalarida, kitob, darsliklarda va h.k.) Ifodalangan.

Shuning uchun tafakkur ko‘plab odamlar bilimlarini  umumlashtiradi. Tafakkur jarayonida inson amaliy faoliyat, obrazlar va tasavvurlar, modellar, chizmalar, belgilar, til kabi jismli va ijtimoiy olamning ahamiyatli aloqa va munosabatlariga kirib borish maqsadida, insoniyat tomonidan ishlab chiqilgan turli xildagi vositalardan foydalanadi.

Muqaddas Xojayorova,

30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining amaliyotchi psixologi

0 izox

Izox qoldirish