Tafakkur bilish jarayonining eng yuksak shaklidir
Tafakkur bilish jarayonining eng yuksak shaklidir. U shaxsning obyektiv voqelikdagi narsa va hodisalarni, ularning muhim xususiyatlarini, bog‘lanish hamda munosabatlarini bevosita umumlashgan holda aks ettirishdan iborat bo‘lgan aqliy jarayonidir. Tafakkur amaliy faoliyat asosida hissiy bilishdan boshlanadi va hissiy bilish chegarasidan tashqariga chiqadi. Dunyoni bilish faoliyati ikki yo‘ldan borishi mumkin. Bevosita yo‘l bilan narsa va hodisalarning ayrim xossalarni sezgilar yordamida, idrok orqali narsa va hodisalarni yaxlitligicha, shuningdek, ilgari sezib idrok qilgan narsalarni ko‘z oldimizda yaqqol tasavvur qilib bilib olamiz. Bu bevosita hissiy bilishdir.
Dunyoda shunday narsa va hodisalar borki, biz ularni sezish, idrok qilish, tasavvurlar orqali bila olmaymiz. Bunday vaqtda dunyoni hissiy (bevosita) bilishdan tasavvur orqali tafakkurga (bavosita) o‘tiladi. Dunyodagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi munosabat, bog‘lanish hamda qonuniyatlarni biz hissiy yo‘l bilan bila olmay, faqat bevosita yo‘l bilan tafakkur orqali to‘liq va chuqur bilib olamiz.
Tasavvur qilishimiz mumkin bo‘lmagan hodisalar fikr yuritish orqali hal qilinadi. Voqelik tafakkurda idrok va tasavvurlardagiga qaraganda chuqurroq va to‘laroq aks etadi. Biz sezgi, idrok va tasavvur vositasi bilan bilib olishimiz mumkin bo‘lmagan narsa yoki hodisalarni, bu narsa yoki hodisalarning xususiyatlarini, ularning bog‘lanish va munosabatlarini tafakkur vositasi bilan bilib olamiz. Masalan, bizga ma‘lumki, agar yorug‘lik nuri shisha prizma orqali o‘tkazilsa, bu nur spektrning yetti rangiga ajralib ketadi, bu ranglarni biz idrok qilamiz (ko‘zimiz bilan ko‘ramiz), lekin fizikadan bizga shu narsa ma’lumki, bu nurlardan bo‘lak, yana boshqa nurlar ham bor. Bu nurlar, infraqizil va ultrabinafsha nurlar deb ataladi. Bu nurlarni biz ko‘rmaymiz, idrok qilmaymiz. Bunday nurlarning borligi tafakkur yordami bilan kashf qilingan. Tafakkur–voqelikning umumlashtirib aks ettirilishidir. Biz ayrimayrim narsalarni va hodisalarni, masalan, alohida stolni yoki stulni idrok qilamiz vatasavvur qilamiz, ammo umuman stol va stul to‘g‘risida, umuman mebel va umuman narsa to‘g‘risida esa fikrlashimiz mumkin. Umumiylash natijasida bir hukmning o‘zida ayni vaqtda yakka bir narsa to‘g‘risidagina fikr qilib qolmasdan, balki, shu bilan birga narsalarning butun bir turkumi to‘g‘risida ham fikr yuritish mumkin. Masalan, “O‘zbekistonning fuqarolari teng huquqlidirlar” degan hukmda ayrim bir kishi haqida fikr yuritmasdan, balki O‘zbekistonning hamma fuqarolari haqida fikr yuritiladi. Tafakkur qilish jarayoni biror psixik elementlarning shunchaki bir-biri bilan almashinishi tarzida voqe bo‘lmasdan, balki alohida aqliy operatsiyalar – biz idrok qilayotgan yoki tasavvur qilayotgan narsalar (obyektlar) ustida, biz umumiylashgan va abstrakt tushunchalarga ega bo‘lgan obyektlar ustida aqliy harakatlar qilish tarzida voqe bo‘ladi. Tafakkur qilish–operativ jarayondir. Taqqoslash, analiz va sintez, abstraksiya va umumiylashtirish, aniqlashtirish, klassifikatsiya va sistemaga solish aqliy operatsiyalarning asosiy turlaridir. Bizda yangi hukmlar ana shu operatsiyalar jarayonida hosil bo‘ladi, real olamdagi narsalar va hodisalar to‘g‘risidagi tushunchalar vujudga keladi. Taqqoslash– shunday bir aqliy operatsiyadirki, bu operatsiya ayrim narsalar o‘rtasida o‘xshashlikni yoki tafovvutni, tenglik yoki tengsizlik borligini, bir xillik yoki qarama-qarshilik borligini aniqlashda ifodalanadi. Narsalarning o‘xshashligi yoki tafovvuti dastlab bevosita sezgilarda va idroklarda aks etadi.
Ergash Omonov,
10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi amaliyotchi psixologi
Ўзбекча
Русский
English