So‘nggi qurbon
(hikoya)
El boshiga tushgan g‘am-tashvishli kunlardan charchagan, zada bo‘lib qolgan. Birov qora xat olib uvvos tortib yotsa, birov xat kelmay qolganidan xavotirda, ko‘zi to‘rt bo‘lib g‘am chekadi. Yana boshqasi ochlikdan shishib o‘lgan bolasini joylashtirib, och-kuchsiz oh tortadi.
Shum xabarning qanoti bor deganlaridek Momoxolning sirli o‘limi kichkina qishloq emasmi, bir zumda tarqab ketdi.
Janozaga odam yig‘ildi. Begali ham bordi, ichkarida etim qolib ketgan go‘daklarning chinqirganiga chidab bo‘lmasdi.
- Ona, onajon, nega bizni tashlab ketdingiz?
Sizni kim bunday qildi? Axir otamning ham qaytishi gumonku! Endi nima qilamiz! Buning ustiga zaxira don-dunlarni ham shilib ketgana! Noinsof! Endi kunimiz qanday o‘tadi! Biz ham o‘lamizmi?
Eng kattasi to‘qqiz yoshda bo‘lgan bu go‘daklardan bunday gaplar chiqishiga hech kimning aqli bovar qilmasdi.
Eh Momoxol! Sho‘rlikkina tunov kuni dalada ishlayotganda ancha qiynalgan edi. Qattiq yerga ketmon botmas, sapchib-sapchib ketardi. Bor kuchini bersa ham suv ichaverib qotib ketgan emasmi, yana ko‘p kuch talab qilardi. Bunday qiynalgan kezlarida shirin xayollar surib o‘zini ovutardi. Nasib bo‘lsa, urush tugasa, erimning topganiga qanoat qilib uy-ro‘zg‘or ishlarini qilib, eplab o‘tiraman. Sog‘in sigir olamiz, o‘sha ro‘zg‘orni boqadi, ortganini sotamiz. Bolalarimning og‘zi oqda bo‘ladi, o‘t yuladi. Bir azobning rohati, bir ochlikning to‘qligi bor.
Ammo, sho‘rlikni bu tun o‘lim kutayotganidan bexabar edi.
Yarim tun, hamma kunduzi tirikchilik bilan charchagan, qiyinchilik kuchini o‘tkazgan qattiq uyquda. Yolg‘iz Begali oqsoq bezovta, yontoq ustiga yotgandek. Sovuq ichiga reja tuzib, u yondan bu yonga ag‘darilgani ag‘darilgan. Boshiga kelgan fikrdan o‘zi suyunib ketdi. Dik etib turdi-da, taq-tuq qilmasligi uchun poyafzalsiz-oyoqyalang Momoxolnikiga yo‘l oldi. Eshigini sekin tortgan edi, oshiq-moshig‘i yog‘sirab qolganmi g‘yqillab ketdi. Biroq, hammasi shirin uyquda. Sokin tun. Pashsha uchsa eshitiladi. Ahyon-ahyonda daydi itlarning hurishini aytmasa tinch.
Begali sekin yerga engashdi. Oy yog‘dusida jussasi katta Momoxolning ko‘rpasi balandroq ko‘rindi. To‘shagi bilan chekkaga tortdi. Shu payt u sapchib uyg‘onib ketdi. Begali o‘zini tanitmaslik uchun shivirladi. “Jim!” Momoxolning ko‘z oldiga yashin tezligida Bozorning qon kechib yurgani, norozi chehrasi gavdaldandi.
- Yo‘qol! — qo‘rqinchdan, vafodan tovushi bazo‘r qildi, — ket, men xiyonat qilmayman, poklik, andisha qo‘rquvdan ustun keldi, — o‘limga yuz tutaman, ammo…
Meni qanday engiloyoq deb o‘ylading! Qorangni o‘chir!!! –dedi-yu Begalini zabt bilan itarib yubordi. Begali oqsoq bolalari uyg‘onib qolishidan qo‘rqib jahl aralash pichirladi.
- Nari tur, shallaqi, sening bir chaqalik ham keraging yo‘q, menga keragi, - oqsoq yerni bir tepib, - mana shu yerda, -dedi.
Momoxol endi tushundi. Chunki uch go‘dagi bilan qishda qiynalib qolmasligi uchun uyining o‘rtasidan o‘ra qazib, ichini somonli loy bilan suvoq qilib, quriganidan keyin, makkajo‘xori donini joylab qamish, xas yopib yana somonli suvoq qilayotganida Begalining xotini Mopar tuz so‘rab kirdi. Loy tashvishlaridan xayron bo‘lib so‘raganida Moparga soddadillik qilib Momoxol aytib qoygandi. “Sir aytmagin do‘stingga, do‘stingning ham do‘sti bor” degan xalq maqoli bejizga aytilmagan.
- Tegma, tegma! Senga aytyapman, bisotimda boshqa ilinjim yo‘q! Go‘daklarim ochidan o‘ladi! Senda ham insof bordi!
Begali oqsoqning qulog‘iga gap kirmas, xalloslaganicha donni qopga joylardi. Momoxol uni gap bilan insofga keltira olmasligiga ko‘zi etgach, borib yaktagining o‘ngiriga yopishdi. Begali unu bor kuchi bilan itarib yubordi. Momoxol gurs etib devorga urilib o‘tirib qoldi. Begali o‘g‘irlikni yopish uchun qopni eshik oldiga suyadida, yonboshiga osilgan qindan pichoqni chiqardi, pichoq qonsiragandek oy shulasida yarqirab ketdi. Holsiz yotgan Momoxolning oldiga paypaslab kelib biqiniga pichoqni kuch bilan qadadida, bir aylantirib sug‘urib oldi. Qopni dast ko‘tarib chiqib ketdi. Sho‘rlik Momoxol ko‘p qon yo‘qotib tonga yaqin jon berdi.
* * *
Har kimda har dard bo‘lishiga qaramay Momoxolning janozasiga ham ko‘p odam yig‘ildi. Uch go‘dakning yoshli ko‘zlarida yig‘i aralash anduh beozor bolalikning sho‘xliklariga oshno bo‘ladigan bu qalblar qattiq uyquda bo‘lib tungi mudhish voqeaning tagiga etmay, uyg‘onganlarida qo‘rqib qotib qolishgan. Begali oqsoq ularning ko‘ziga qaray olmadi.
O‘zicha, frontga olishganda balki shu mudhish kun bo‘lmasmidi? Shu damda bolalik-o‘smirlik davri yodiga tushib ketdi.
Begali yoshligida eshak minishni xush ko‘rgan, kichkina qora eshagini doimo biqiniga tepib, minib choptirardi. Bir kuni qishloq bolalari o‘zlaricha eshak poygasi o‘tkazmoqchi bo‘lishdi. Belgilangan vaqtda hamma yig‘ilgan, Qoraqirdagi adirdan joy tanlashdi. Tayoq bilan chiziq tortib, eshak mingan bolalar chiziq bo‘ylab qator joylashishdi. Begali shunda ham ayyorlik qilib bir qarichgina oldinda turdi. “Boshlandi!” deb shovqin solgach, choptirishni boshladilar. Bolalar oldin etib kelishni istab eshagini savalar, biqiniga tepardi. Xina cho‘pi tushib ketgan Begali engashib, ha deb eshakning bo‘yniga shapatilardi. Nihoyat yoshi kattaroq Ali birinchi, Hasan ikkinchi, Rasul uchinchi…. Keyin Chori, Nodir, Toyir, Qilich, Nurali va boshqalar. Eshagi yoshlik qildimi, yo xina cho‘pi tushib ketib qiynaldimi negadir Begali oxiridan “birinchi” o‘rinni egalladi. Unga bu alam qilgani etmagandek Chori pismiqning gapi u yoq-bu yog‘idan teshib o‘tib ketdi.
- Ha, chavandoz kurrang bilan senga poygada balo bormidi!
Gur etib kulgi ko‘tarildi.
- Yo‘q, unday dema, - dedi hazilni sevadigan Ahmad, — Begali bu Chapayevku! Uchqur “oti” oxiridan birinchi o‘rinni egalladi, qoyil! Yana miriqib kulishdi. Bu gaplar Begalining jonidan o‘tib, jahli chiqdi.
- Bittang ham shu yerdan qimirlamay turinglar, hozir ko‘ramiz, -dedida eshagini choptirib g‘oyib bo‘ldi.
Bolalar nima karomat ko‘rsatar ekan, deb orqasidan qarab qolishdi. Ko‘p o‘tmay bobosining boshoq yanchishga minadigan, olti yoshli, zotdor oq eshagini minib keldi. Eshak rostakam zo‘r, baland, oyoqlari uzun, boshlari katta chopag‘onligi bilinib turardi.
- Mard bo‘lsanglar, endi qayta safga tizilinglar, - dedi Begali g‘urur bilan.
Hamma chiziq bo‘ylab tizilishdi. Eshaklar boshlarini xam qilib kutgandek itoatkorona turardi. Musobaqa boshlandi. Hamma jon-jahdi bilan harakatda. Eshagi zo‘r emasmi, Begali oldinda uchib borardi. Orqada kelayotgan bolalarga gerdayib qarar, ammo qo‘li xina cho‘p bilan eshakni savalashda edi. Uni orqaga o‘girilganidan foydalangan puxta Ali Begalining oldiga chiqib oldi. Uning eshagi oldiga chiqib olgan eshakka zabt bilan xina cho‘p qistovida urildi-yu, qoqilib yiqildi. Begalining oyog‘i eshak tagida qoldi. Voy-voylaganicha turmoqchi bo‘ldi, lekin oyog‘ini bosolmadi. Otasi zudlik bilan usta Yangiboyga ko‘rsatdi, oshig‘idan chiqqan ekan, solib qo‘yib vaqtincha yurmaslikni maslahat berdi. Biroq, shu-shu oqsab yuradigan bo‘lib qoldi. Yurganida qarasangiz o‘ng elkasi past baland bo‘lib ketaverardi. Yoshligidan “Begali oqsoq” bo‘lib ketdi. O‘zi ham bu laqabga ko‘nikib ketgan. Shu sababdan uni frontga ham olishmadi. Jo‘ja birdek besh bolasi bor, bari eyman, ichaman, deydi. Kolxozga dala ishiga ham uni shu sabab majburlamaydi. Xotini Moparning topgani zo‘rg‘a atalaga etadi.
Qancha qiynalsam ham baribir yaxshi ish qilmadim. Nahot voyaga etmagan uch go‘dakni maydonda egasiz qoldirdim! Bolalarim menga aziz, bular ham ota-onasiga aziz-ku! Kim ediradi endi, kim ichiradi! O‘zidan o‘zi nafratlanib ketdi.
Ichkarida uvvos solib yig‘layotgan ayollar ovozi tinmasdi:
Taqir gilamni taqillatib,
Oltovlon kerak qoqmoqqa.
Na opang bor, na singling,
Seni yo‘qlab aytmoqqa.
Voy, egachima, egachim!
Shunda boshini xam qilib o‘tirgan Begali oqsoqni yonida o‘tirgan Elmurod noskash turtdi. Nosini tuflab, og‘zini qo‘lining orqasi bilan artib.
- Qotil o‘g‘rining jazosini Xudo bersin, Momoxolning bolalariga qayg‘urmang, Begaliboy etimlarga Xudo qarashadigan bo‘ldi. Eshitdingizmi, ertalab radiodan aytdi, urush tugabdi. Endi davlat front uchun jamg‘argan g‘allalarni aholiga tarqatarkan.
- A, rostdanmi? Tuf! Onasini … bunday urushni! Gitlerni ham, fashistni ham, - peshonasiga mushtlab yig‘ladi oqsoq.
- Ha! Axir bu xushxabarku! Sizni xursand qilmoqchi edim, endi elkamizga oftob tegadi, mehnatimiz topganimiz o‘zimizga, tinch yashaymiz, - deb Oqsoqqa savol nazari bilan qaradi.
Ha, mayli, aytganingiz kelsin, suyunib, dushmanlarni so‘kdim-da, -dedi, boshqa so‘z aqtolmadi. Nuqul o‘zini koyidi. Sabrsiz, ochko‘z, nafs bandisi, bo‘larkanu, nima qilib qo‘ydim?
Nahot u yoqda vatandoshlarimiz dushmanga qarshi kurashayotgan bir paytda, men ham hissa qo‘shish o‘rniga o‘z vatandoshimning qotili bo‘ldim? Nahot! Oxirgi so‘nggi qurbon mening qo‘limda o‘ldi, qotili esa vatandoshi!
Ammo, Begali oqsoqning vijdoni kech uyg‘ongan edi.
O‘rolgul Qodir qizi
mehnat faxriysi
Ўзбекча
Русский
English