MOBILLASHIB BORAYOTGAN TAFAKKUR

Tafakkur mustaqilligining belgilaridan biri tashabbuskorlik bo‘lib, u insonning o‘z oldiga aniq maqsad va muddaolar qo‘yish, ularni amalga oshirish yo‘lidagi muammolar yechimini topish, nihoyasiga yetkazish uchun zarur bo‘lgan usul va vositalarni belgilashida namoyon bo‘ladi.

Mustaqil tafakkurga ega bo‘lmagan kishi tayyor qarashlar asiriga aylanadi va ularda tafakkurning o‘sishi o‘zining tabiiy darajasidan orqada qoladi. Tafakkur qaramligi jamiyat rivojiga, millat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi. Shuning uchun ham fikrning mustaqilligi uning sermahsulligi, samaradorligini ta’minlaydi. Inson tomonidan muayyan vaqt ichida, muayyan soha uchun qimmatli va yangi fikrlar, g‘oyalar, tavsiyalar yaratgan, nazariy va amaliy vazifalarni hal qilgan kishining tafakkuri sermahsul va samarali sanaladi.

Demak, muayyan vaqt oralig‘ida mustaqil ravishda bajarilgan ish ko‘lami va sifati tafakkur mustaqilligining o‘lchovi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, tafakkur mustaqilligiga erishish, ya’ni mustaqil fikr sohiblarini tarbiyalash va shakllantirish bugungi milliy taraqqiyotning muhim ma’naviy omillaridan biri hisoblanadi.

Zamonaviy dunyo bugungi kunda uchta global muammo bilan shug‘ullanadi: insoniyatning sivilizatsiya sifatida saqlanib qolishi, insonni asrab-avaylash hamda uni rivojlantirish va tarbiyalash. Bashariyat yangi asrga qadam qo‘yishi bilan zamon talablari, odamlarning yashash tarzi, shart-sharoitlari, vaqt tushunchasi bo‘yicha qarashlari, ularni qurshab turgan axborot hududi yangi bosqichga chiqdi. Insoniyat atrofidagi hayot omillariga yanada talabchanlik, onglilik va tafakkur bilan yondasha boshladi. Shu bilan birga, har soniyada o‘zgarib borayotgan zamon talablari insoniyatdan mobillashish, intensivlashish va integratsiyalashish, axborotni qabul qilish hamda uni yashab turgan davrimiz tendensiyalariga mos va xos tarzda qayta ishlash malakalarini taqozo etmoqda.

Ogohlik, daxldorlik, o‘zlikni anglash, g‘oyaviy kurashchanlik har bir ozod shaxs va erkin fuqaro uchun zarurdir. Bugungi yoshlar turli makonlardan taralayotgan muayyan kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladigan har xil ma’no-mazmundagi g‘oyaviy ta’sirlar girdobida yashaydi. Axborot asri, internet asri, informatsion texnologiyalar asri deb nom olgan ayni davrda bunday ta’sirlardan xoli bo‘lish dolzarb muammodir. Shunday ekan, davr har bir yoshning fikri va sobit e’tiqodiga, mustaqil tafakkuri va mustahkam irodasiga ega bo‘lishini taqozo etadi. G‘oyaviy tahdidlar kuchaygan hozirgi sharoitda milliy ong, milliy o‘zlikni anglash, milliy ma’naviy meros xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur omillardandir.

Demak, hozirgi yoshlar nima yaxshi yoki nima yomon ekanligini ajrata bilishi darkor. Ya’ni, axborotni tanlash va undan unumli, to‘g‘ri foydalanish insonning ong va tafakkur darajasiga bog‘liq. Hozirgi paytda yoshlarning internetdan to‘g‘ri foydalanishiga erishmog‘imiz lozim.

Mamlakatimizda internet tarmog‘ini milliy ma’lumotlar bilan to‘ldirish ham bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir. Agar biz yoshlarda axborot olish madaniyatini shakllantirsak, axborot xurujiga qarshi immunitetni kuchaytirgan bo‘lamiz.

Bashariyat raqamlashuv, mobillashuv, sohalarga sun’iy intellektning joriy etilishi bilan bog‘liq muhim davrni boshdan kechirmoqda. Hozir dunyo yalpi ichki mahsulot(YIM)ning qariyb chorak qismi raqamli sektorga to‘g‘ri kelishi prognoz qilinayotgan bir zamonda yashayapmiz. Biz bejiz sun’iy intellektni tilga olmadik, sababi u inson tafakkuri, ongi bilan raqobatga kirishmoqda. Insoniyatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hissiy intellekt – o‘zimizdagi va boshqalardagi his-tuyg‘ularni tushunish va boshqarish qobiliyati. Tuyg‘ular inson tajribasining asosiy jihati bo‘lib, bizning munosabatlarimizni, qaror qabul qilish jarayonlarini va umumiy farovonligimizni shakllantiradi. Biroq sun’iy intellekt hissiyotlarga befarq, nozik insoniy his-tuyg‘ularni tushunishga qodir emas.

Sun’iy intellekt tizimlari yanada murakkablashgani sayin avtonomiya va javobgarlik bilan bog‘liq muammolar birinchi o‘ringa chiqadi. Ushbu tizimlarda hissiy tushuncha va subyektiv fikrlashning yetishmasligi kutilmagan holatlarga duchor bo‘lganda, halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, javobgarlik masalasi jiddiy muammo tug‘diradi. Agar sun’iy intellekt tizimi zararga olib keladigan qaror qabul qilsa, javobgarlikni kim o‘z zimmasiga oladi? Odamlardan farqli o‘laroq, mashinalar axloqiy vakolatga yoki mas’uliyat tuyg‘usiga ega emas, bu ularning xatti-harakatlarining oqibatlari uchun javobgarlikni murakkablashtiradi. Zero, texnologik taraqqiyotga intilishda sun’iy intellektning integratsiyasiga aqlli va ehtiyotkor fikrlash bilan yondashish juda muhim. Sun’iy intellekt samaradorlikni oshirish va murakkab muammolarni hal qilish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lsa-da, u odamlarni insonga aylantiradigan noyob fazilatlarning o‘rnini bosa olmaydi.

Sun’iy intellektning xavf-xatarlari uning cheklovlarida, haqiqiy his-tuyg‘ularning yo‘qligida, inson xatti-harakatlarining murakkabligini anglay olmaslikda va mashina mulohazalarining noto‘g‘riligidadir. Rivojlanayotgan sun’iy intellekt landshaftini kezarkanmiz, texnologiyaning afzalliklaridan foydalanish va insoniyligimizni belgilaydigan o‘zgarmas fazilatlarni asrab qolish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash juda muhim.

Yana bir muhim masala. XXI asrda ijtimoiy tarmoqlar shu darajada ommalashdiki, bu, o‘z navbatida, hatto inson tafakkuriga o‘z ta’sirini o‘tkaza olish darajasiga chiqib ulgurdi. Hozirgi vaqtda ko‘p sonli odamlarni zombiga aylantirgan ijtimoiy tarmoqlardan uzoqlasha olmaslik xastaligi yanada ko‘proq zarar keltiradi. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik yaxshilikka olib kelmasligi haqida juda ko‘p tadqiqotlar olib borilgan. Amerika pediatrlar akademiyasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ida salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantiradi. Biroq barcha yoshdagi katta kishilar uchun ham aynan shunday xavf mavjud. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kuniga ikki soatdan ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazuvchi o‘smirlar internetga 30 daqiqadan kam vaqt sarflovchi tengdoshlariga qaraganda yolg‘izlikdan ikki barobar ko‘p aziyat chekishar ekan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, inson axborot iste’molchisi sifatida har qanday zararli kontentlar, buzg‘unchi, yot g‘oyalarga o‘z tafakkuri orqali qarshi tura olishi lozim.

F.Allaberdiyev,

I.Suyunov,

viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari

0 izox

Izox qoldirish