Ma’rifat fidoyisi

Tumanimizdan chiqqan O‘zbekistonda taniqli yozuvchi va jurnalist, marhum Norqul Hayitqulov hayot bo‘lganlarida 82 bahorni ko‘rgan bo‘lar edi. U 1941-yil 1-yanvarda Termiz tumanida tug‘ilgan. Dastlab u (hozirgi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi) Lomonosov nomli maktabda yetti yillik ma’lumotnomani olgach, Termiz pedagogika bilim yurtida o‘qishni davom ettirdi. Bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgach, yosh mutaxassis maktabga yo‘llanma oldi va Termiz tumanidagi (hozirgi 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi) Ushinskiy nomli maktabda ona tili va adabiyotdan dars berdi. Bu davrda u o‘zining ixcham hikoyalari bilan gazetalarda qatnashib turdi. Adabiyotga bo‘lgan muhabbat, ilmga bo‘lgan tashnalik uni Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutiga boshlab bordi.

U institutning jamoat ishlarida aktiv qatnashdi. O‘qish bilan birgalikda, institutda chiqariladigan “Pedagog” ko‘p tirajli gazetasida mas’ul sekretar` bo‘lib ishladi.

Institutni 1964-yilda bitirib, yo‘llanma bilan oldingi “Angor yog‘dusi” gazetasiga ishga keldi.

Ko‘p yillar u gazetaning ma’suliyatli lavozimlarida ishlab keldi. Uning “Aqida”, “Balki”, “Meros”, “Do‘stingdan top” kabi hikoya va novellalari, “Tomchi dengizga intiladi”, “Begona hislar” qissalari, Sherobod cho‘li bahodirlarining shijoatkor mehnatini madh etuvchi “Yulduz yog‘dulari”, “Tashnalik”, “Davonlar ortida davon” ocherklar N.Hayitqulov qalamiga mansubdir. Uning “Sho‘rchi odamlari” kitobi nashr etildi. O‘zining serqirra ijodi bilan mashhur bo‘lgan yozuvchi bilan elimiz haqli ravishda faxrlanadi. Marhum ijodkor o‘ndan ortiq kitoblar muallifidir. U kishining chuqur hurmat bilan yod etamiz.

Z.Ochilova,

Axborot-kutubxona markazi bibliografi

0 izox

Izox qoldirish