MA’NAVIYAT SEKTORI – EZGU MAQSADLARIMIZGA KO‘MAKDOSH

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig’ilishini o‘tkazdi hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashdi. Ushbu tadbirlarda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari yig’ilishda ta’kidlaganidek, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat biz uchun ustuvor masala. Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda.

Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Savollarning bunday jiddiy qo‘yilishi bejiz emas. Ma’naviy-ma’rifiy jabhada keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Mezon buzilsa, barcha o‘lchov va me’yorlarimiz puturdan ketadi. Basharti, ma’naviyat biz uchun shu qadar muhim ekan, unda nafaqat yashash tarzimiz, hatto nafas olishimizning tartibotini ham shunga qarab rostlashimiz kerak.

Prezidentimiz 2023-yil 16-17-noyabr kunlari hududlarning iqtisodiy holati, muhim ijtimoiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida ayni masalaga ham yana bir bor e’tibor qaratgandi. Chunki bugungi globallashuv sharoitida ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim-tarbiya, ilm-fan yutuqlarisiz yuksak cho‘qqilarni zabt etib bo‘lmaydi.

Ajdodlarimiz azal-azaldan ta’lim va tarbiyaning eng muhim omili sifatida ma’naviyat va ma’rifatga alohida ahamiyat berishgan. Zero, ma’naviyatli avlod hech qachon yot g‘oyalarga og‘ishib, o‘z Vatanidan kechmaydi. Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning ijtimoiy mohiyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning aksariyati ma’naviy qashshoqlik oqibatida yuzaga kelayotganligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Inson tafakkurida yuzaga keladigan ma’naviy kemtiklikni iqtisodiy yo‘l bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Shunday ekan, ma’naviyat oqsasa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi.

Yoshlar tarbiyasi o‘ta murakkab va mas’uliyatli, shu bilan birga, natijasi aniq ish. Bu esa har bir ota-onadan o‘z ustida muntazam ishlashni, farzandlar tarbiyasiga oid barcha ma’lumotdan boxabar bo’lishni talab etadi. Tarbiya o‘z-o‘zidan bo‘lib ketaveradigan ish emas. Bu, ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari yoshlar tarbiyasi, inson kapitalini rivojlantirish, mahallada aholi o‘rtasida muntazam targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli amalga oshirish zarurligini ta’kidlab, Termiziydek buyuk allomalarga beshik bo‘lgan ko‘hna zaminda “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etishda Surxondaryo tajribasini yaratish zarurligi bo‘yicha topshiriq bergan edi.

“Ma’naviyat sektori” tajribasi nega aynan Surxondaryoda yo‘lga qo‘yildi, degan haddi savol paydo bo‘lishi tabiiy. Bu voha azaldan ma’naviyat va ma’rifatning ko‘hna o‘chog‘i sifatida tariximizda o‘z o‘rniga ega. Hududdan topilgan qadimiy asoratidalar, “Alpomish” singari dostonlarning shu hududda yaratilishi, eng qadimgi inson manzillari, ko‘hna bitiklar, buddaviylik madaniyati qoldiqlari, ilm sohasida faoliyat yuritgan ko‘plab termiziylar merosi yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichda rivojlantirish uchun mazkur viloyat tanlanishiga asos yaratgan, deb o‘ylaymiz.

Xo‘sh, “Ma’naviyat sektori”ning asosiy vazifasi nimadan iborat? Sektor shahar va tumanlar, hududlarning ijtamoiy-ma’naviy muhitini ta’minlash, tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining ko‘maklashuvchi kollegial ishchi tuzilmasi hamda hududiy Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ishchi organi hisoblanadi.

Aniqroq aytganda, ushbu sektor oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, shu asosda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini yuritadi.

El-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsiz yondashish kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Ta’lim muassasalari, mahalla, tashkilot va idoralarning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish bilan birga, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo‘lgan yot g‘oyalar hamda dabdababozlik, ma’nisiz rasm-rusumlar va urf-odatlarga qarshi kurashish tashabbusini ilgari suradi. Bu kabi sa’y-harakatlar ma’naviy tahdidlarning mohiyatini, aholining turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish hamda tushuntirish ishlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur sektorda yuqoridagi vazifalar qatorida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, islohotlar mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlari uchun tegishli tavsiya hamda takliflar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

“Ma’naviyat sektori” maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimi, mahalla va boshqa tuzilmalar kesimida ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlar monitoringini olib boradi. Bu bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish sektorning funktsional vazifalari hisoblanadi.

Ayni paytda muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish, viloyatning ijtimoiy-ma’naviy muhitini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tuzish, tasdiqlash hamda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Prezidentimiz yig‘ilishda ziyolilarimizni tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda yanada faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqirdi.

Ta’kidlash kerakki, 5-sektor faoliyati ziyolilarimizning o‘z tashabbus va takliflari bilan jamiyat hayotida faol qatnashishida muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun barcha shart-sharoit hozirlandi.

Viloyatdagi boshqarma boshliqlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari 15 ta tuman (shahar) “Ma’naviyat sektori”ga mas’ul etib belgilandi. Shu maqsadda 454 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 960 ta maktab, 54 ta professional ta’lim va 7 ta oliy ta’lim muassasasi, 724 ta mahalla, 360 ta boshqarma va tashkilotda “Ma’naviyat sektori”ning boshlang‘ich tayanch tuzilmalari tashkil etildi.

Mazkur sektorlarning barchasiga alohida xona ajratilib, davlat ramzlari, jadid allomalarimiz, voha hamda respublikamizning taniqli ijodkorlari hayot yo‘li va ijod faoliyati aks etgan stendlar, kutubxona burchaklari ochildi.

“Ma’naviyat sektori” zimmasiga ta’lim, mahalla tizimlarida va hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash, yoshlarga alohida e’tibor qaratish, ularni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, boy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, kitobxonlikni rivojlantirish, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash hamda mafkuraviy immunitetini oshirish vazifalari yuklangan.

Sektor jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muammolarga tizimli yondashadi hamda muvofiqlashtiruvchi tuzilmaga mas’ul va javobgar organ hisoblanadi. Aytish kerakki, “Ma’naviyat sektori”ni tashkil qilish zamirida, avvalambor, o‘zini, millatini, Vatanini qadrlaydigan va buni shunchaki nomiga, qog‘ozda emas, balki ongu tafakkurida, xatti-harakatlarida aks ettira oladigan insonni tarbiyalash maqsadi yotibdi.

Shu bois 5-sektorning asosiy ish faoliyati inson fenomenini rivojlantirishga qaratiladi. Eng muhimi, ushbu tuzilma jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat hamda qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsligini ta’minlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga ko‘makdosh, hamdam bo‘ladi.

Nargiza RAHMATULLAYEVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari

0 izox

Izox qoldirish