KITOB – ULKAN M O‘ J I Z A
Buyuk mutafakkir shoir Abdurahmon Jomiy e’tirof etganidek, “Dunyoda kitobdan yoqimliroq do‘st, undan ortiq g‘amxo‘r yo‘q, unda yuz rohat bor, hech qachon ozori yo‘q”.
Darhaqiqat, yosh avlodning, qolaversa, har bir insonning bilimini oshirish, dunyoqarashini yuksaltirishda kitoblarning o‘rni beqiyos. Tafakkurning qanoti bo‘lmish kitob insonning fikr doirasini kengaytirishda uni ma’naviy kamolotga yetkazishda muhim manba sanaladi.
Odamning ich-ichidan sevgan, yoqtirgan bir asari, hikoyasi, ertagi bo‘ladi. Menga negadir tarixiy mavzudagi asarlar yoqadi. Balki bu mening dunyo taraqqiyotiga yuksak hissa qo‘shgan ajdodlarimiz hayotiga, yurtimiz o‘tmishiga bo‘lgan qiziqishim tufaylidir. Ana shunday asarlardan biri shox va shoir temuriy sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi “Yulduzli tunlar” romani. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning bu asarini har doim o‘qiyman. Bo‘sh qoldim deguncha uni varaqlagim, buyuk vatandoshimiz taqdirini o‘rgangim kelaveradi. Mohir yozuvchi Pirimqul Qodirov bu asarni juda katta mehr va mahorat bilan yozgan. Uni o‘qir ekanman o‘rta asrlardagi Movoraunnahr, Andijon, Ahsi, hatto qadimiy Shosh ko‘z oldimda bor bo‘yi basti bilan gavdalanadi. Yurtimning o‘tmishda ham ba‘zi soxta tarixchilar ta‘riflagandek g‘arib emas, aksincha gullab yashnagan, ilmi urfon makoni bo‘lganini his qilib yuragimda qandaydir faxrmi, quvonchmi uyg‘onadi.
Albatta, kitob – ulkan mo‘jiza, undan aslo yuz o‘girib bo‘lmaydi. Ushbu mo‘jiza orqali ulkan marralarni egallash esa birgina kitobga mehr, intilish orqali ruyobga chiqadi.
Dilafro‘z Xolmurodova,
TerDU talabasi.
Ўзбекча
Русский
English