Janglarda jasoratli, mehnatda fidoyi inson edi

Dunyoda odamzot mangu yashamas,

Ufqqa bo‘y cho‘zgan chinor ham bo‘lmas.

Aziz Vatanga vafodor bo‘lsa,

Pomir cho‘qqisiday tik yashar, o‘chmas.

Salohiddin Soliyev.

 

Inson… Bu ezgu nomni oqlashga har birimiz sidqidildan xizmat qilmog‘imiz lozim. Yaxshi insonlarning nomi esa odamlar qalbida uzoq saqlanib qoladi. Biz ana shunday sabr-toqatli, vatanparvar, insofli mehnatkash, jonkuyar  va frontchi insonlardan biri haqida hikoya qilamiz.

Bundan 250-300-yillar oldin hozirgi Dehqonobod tumanining “Beliboyli” qishlog‘idan bir guruh boylar Xomkonga kelib, bu yerning iqlimi va odamlarining yashash sharoitlarini ko‘rib, havas qiladi va Boysun bekligidan ruhsat olib ko‘chib ham keladi. Ular bu yerdagi mahalliy xalq bilan oldi-berdi qilib, quda-anda bo‘lishib, aralashib ketdilar. Chunki, ular ham Qo‘ng‘irot urug‘ining Qonjig‘ali urug‘idan edilar. Bir muncha vaqt o‘tib, Mardonboy oilasida bir o‘g‘il tug‘iladi. Unga Mavlon deb ism qo‘yishadi. 1915-yilning bahor fasli edi. Bu bola bir-bir yarim yoshga yetganda “Xomkon” qishlog‘iga vabo kasalligi tarqaladi va Mavlonning ota-onasi bir kunda vafot etadi. Yosh go‘dak Mavlon esa, etim qoladi. Hali ovqatlanishga ham o‘rganmagan bola kecha va kunduz zor-zor yig‘laydi. Uning ammasi Zubayda o‘z tarbiyasiga oladi, lekin bolani yupatish juda qiyin bo‘ladi, u ona bag‘rini, uning oq sutini qumsar edi. Bunga chidayolmagan amma 20 yillar bola emmay ketgan o‘z ko‘krak siynasini bolaning og‘ziga tuta boshlaydi.

Bolaning ochlikdan zorqaqshab yig‘lashidanmi, Allohning mehribonligidanmi ammaning ko‘ksiga oltmish ikki tomirdan yig‘ilib  sut kela boshlaydi. Bola esa to‘yib-to‘yib emadi va orom oladi. Amma tarbiyasini olib, voyaga yeta boshlaydi…

U alp qomatli yigit bo‘lib yetishadi. Oq-qorani sinchkovlik bilan tanib, mehnat qila boshlaydi. Qo‘sh bilan yer haydaydi, g‘alla ekadi, o‘roq o‘rib, xirmon yanchadi, bug‘doyni samondan tozalab olishni o‘rganadi. 1930-yillarga kelib kolxozlar tuziladi, g‘allani tuman markazlariga  ot-ulovlar bilan tashib topshiradi. Endi hamma ishni kolxoz raislari, brigadirlar topshirig‘i bilan bajara boshlaydi.

Ammasining o‘g‘li Abrahmat bilan birgalikda hamma ishni uddalaydigan Mavlonni Ergashboyning qizi Zulfinoyga uylantirib qo‘yadi. Ular oilasida qiz farzand tug‘ilib, unga Bubijamol deb ism qo‘yishadi. Ana shunday baxtli kunlari o‘tayotgan bir paytda ikkinchi jahon urushi boshlanib, ko‘plar qatori Mavlonni ham ammasi sevikli yori va qarindoshlari sog‘-borib, omon-kel deyishib, oq duo bilan urushga kuzatadilar…

Harbiy tayyorgarlikdan so‘ng bir guruh yigitlar Shimoliy Kavkazdagi Janubiy front qismlariga jo‘natiladi. Ular jang maydonlarida haloq bo‘lgan quroldoshlarini, yaradorlarni ko‘rib, dushman bilan qattiq kurashadilar, ularni Vatan tuprog‘idan quvib chiqarish uchun bor kuchlarini ishga soladilar. 1942-yil Stalingrad qamalini tashkil qilishda matonat ko‘rsatadilar. Natijada dushman yengilib, orqaga chekina boshlaydi.

Shunda harbiy qism dushmanga zarba berishni kuchaytirish uchun old tomon bilan orqa tomonni bog‘lash maqsadida maxsus qism tuzadi. Ular orqadan o‘q-dori, oziq-ovqat, yordamchi kuchlarni yetkazish uchun buzilgan yo‘l va ko‘priklarni sozlovchi, telefon simlarni, simyog‘ochlarni tiklovchi kuchlar edi. Bu qismga ham baquvvat, zabardast yigitlar kerak edi. Ular orasida Mavlon ham bor edi.

Ukraina, Moldaviya, Vengriya Avstriya orqali bir necha daryodan, o‘rmonlardan, botqoqlik va ko‘llardan o‘tib, Berlingacha bordilar va g‘alabani u yerda kutib oldilar. Mavlon yana Berlinda bir yilga qoldirildi. 1946-yilda Moskvaga kelib, yana 6 oy xizmat qildi.

1946-yilning kuzida Mavlonboy ham ko‘kragi orden-medallarga to‘lib, jonajon qishlog‘i Xomkonga o‘z oilasi bag‘riga sog‘-omonlikda qaytib keldi. U Xomkonning archa va giyohlar hidiga to‘yingan musaffo havosidan nafas oldi, zilol buloq suvlaridan simirib ichdi, lalmi bug‘doy nonlaridan edi, qo‘y-echki sut-qatiqlaridan, sariyog‘laridan, archali kaboblaridan iste’mol qildi, 2-3 oy miriqib dam oldi, besh yillik charchoqlaridan tani orom oldi. Yana kolxozdagi ishlarini davom ettirib, yer haydadi, g‘alla ekdi, xirmonni tozalab bug‘doyni ot-ulovlarda tumanga tashib, xirmonga topshira boshladi. Oilada katta o‘g‘li Eshqobil ham dunyoga keldi. Ana shunday tinch davrda hukumat qarori bilan cho‘llarni o‘zlashtirish boshlanib ketdi. Zang kanali qazilib, tog‘ va tog‘ oldi xalqlari Tallimaron va Beshqo‘ton massiviga ko‘chirildi. Xomkonliklar Tallimaron massiviga kelib, paxta eka boshladi. Ular orasida Mavlonboy ham bor edi. U paxta ekish sirlarini, uni parvarish qilish va davlatga topshirish ishlarini puxta bajara boshladi. Kolxoz rahbarlari hamma ishni boshqaradigan Mavlonboyni 120 gektar yerga brigadirlikka tayinlashdi. Endi bu inson 30-40 kishiga boshliq edi, unga mas’uliyatli ish yuklatildi. Yetimlikdagi mehnatga chiniqish, frontdagi og‘ir hayot, kolxozdagi ko‘p qirrali ishlar Mavlonboyni ish boshi bo‘lishga tayyorlagan edi. U dovdirab qolmadi.

Usta dehqonlar Mamirqul bobo, Boymat bobo, Alim bobo tajribasiga amal qilish, ishni yerni chuqur haydashdan, mahalliy o‘g‘it tashishdan, texnikadan unumli foydalanishdan boshladi. Brigada a’zolari orasida tartib intizomni, uyushqoqlikni, birinchi o‘ringa qo‘yib, ularga mehnat sharoitlarini yaratib berdi. Dala shiyponda issiq-ovqat, choy, radio, gazeta-jurnallar tashkil qildi. Intizom bor joyda g‘alaba bor ekan. Kuzga borib, hosildorlik har yili oshib 40-45 sentnerga yetkazildi. Kolxozchilarning  iqtisodiy ahvoli yaxshilana boshlandi. Endi hamma brigadirlar Mavlonboydan ish o‘rgana boshladi. Suyun Valiyev va Hasan Umrqulov kabi mexanizatorlar kolxoz bo‘yicha o‘rnak ko‘rsatib ishladi. Ilg‘orlar safida Mavlonboy uzluksiz 22 yil brigadirlik qildi.

Kamtarona mehnati evaziga ko‘kragida yana orden-medallari ko‘paydi. Bu inson mehnat bilan birga oilada farzandlar tarbiyasini ham turmush o‘rtog‘i Zulfin opa bilan birga olib bordi. Ular oilasida 5 o‘g‘il va 4 qiz tarbiya topib ulg‘aydi. O‘g‘illari oliygohlarda o‘qib xalq xo‘jaligining turli sohalarida ishlagan bo‘lsalar, qizlari esa dalada mehnat qilib, ham farzand tarbiyalagan uy bekalaridir. Ham frontchi ham mehnatda ilg‘or bo‘lib, 80 yilga yaqin yashab o‘tgan Mavlon bobo Mardonov hayot yo‘li barchamoz  uchun namunali hayot yo‘lidir.

Zulfiqor Abdurahmonov,

mehnat faxriysi

0 izox

Izox qoldirish