Ustoz-o‘qituvchi. Bu ulug‘ nom mag‘rur jaranglaydi. Jamiyatimizda, hayotimizda, turmushimizda har bir sohaning o‘z ustasi, ustozi, murabbiysi, rahnomasi bor. U muhandismi, usta-durodgormi, shifokormi, bastakormi, haykaltoroshmi, rassommi unga dastlabki bilim, ko‘nikma va malaka beruvchi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi shaxs ustoz-murabbiy hisoblanadi.
Insonga oq-qorani tanitgan, shirin tillariga muqaddas kalom o‘rgatgan ilmu-odobdan insoniylikdan saboq bergan ustozlar har zamonda, har doim ham e’zozda, hurmatda bo‘lishgan. Shuning uchun hamki ustozlar oldida o‘zimizning abadiy qarzdorligimizni biror daqiqa ham unutishga haqqimiz yo‘q, ular oldida doim ta’zimdamiz.
Sevimli adibimiz Shuhratning ustoz murabbiylarni ulug‘lab yozgan she’ri ham u zotlarning hayotimizda nechog‘lik yuksak o‘rin tutishini dildan his etishga undaydi.
Agar hayot bo‘ston bo‘lsa bog‘bon muallim,
Agar hayot oltin bo‘lsa zargar muallim.
Agar hayot karvon bo‘lsa sarbon muallim,
Agar hayot shoir bo‘lsa so‘zi muallim.
Agar hayot dengiz bo‘lsa duri muallim,
Agar hayot uzuk bo‘lsa gavhar muallim.
Foydali ilmlarni o‘rgatuvchi odamning gunohi kechirilishini so‘rab, har bir mavjudotu-mahluqot va nabotat “hatto dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar“, deyilgan hadisda.
Demak, mehnatkash, jafokash shu bilan birga sharafli muqaddas kasb egasi bo‘lmish ustoz-muallim doimo e’zozda, chunki ana shu xalq o‘zining kelajagi, ertangi kechmishi ne bo‘lishini ko‘p jihatdan farzandlarining bugungi tarbiyasiga bog‘lik ekanligini yaxshi biladi.
Shuning uchun ham jannatmakon diyorimizda o‘qituvchi ustozlar turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuni kecha muhtaram Prezidentimiz imzolagan qarorida ham o‘qituvchi ustozlarimizning jamiyatimizda yanada nufuzini oshirish ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari hamda ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodga zamonaviy har tomonlama puxta bilim berish yo‘lidagi sa’yi-harakatlari uchun ularga bir necha imtiyozlar belgilab qo‘yildi.
Bugungi kun o‘qituvchisining oldiga qo‘yilgan yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yoshlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kamol toptirish, ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish kitobxonlar madaniyatini yanada yuksaltirishdek ulug‘vor hissiyotni qalbiga jo aylab javlon urib xizmat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylar oldida biz doim ta’zimdamiz.
Tinch, osoyishta va dorulomon kunlarga bayramlar yarashadi. Ana shunday bayramlardan biri 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni”dir. Sharafli va mas’uliyatli kasb egalarini ushbu bayram bilan chin qalbdan muborakbod etamiz.
Dedilar dunyoda asli kim aziz,
Aytdilar ustozdir-ustoz begumon.
Tag‘in aytdilar shaksiz-shubhasiz,
Ustozing qadriga yetolgin inson!
Sherzod
Sherdonov,
23-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi
Ўзбекча
Русский
English