Xalqimizda “Yer xazinasining kaliti mehnatda” degan gap bor. Bu naqlning isbotini bugun Angor tumanidagi har bir qarich yerdan unumli foydalanayotgan hamyurtlarimiz misolida ko‘rish mumkin. Ayniqsa, Markaz mahallasida yashovchi Norqul Toshboyevning xonadoniga kirsangiz, haqiqiy mirishkorlikning guvohi bo‘lasiz.
Tajriba — muvaffaqiyat garovi Norqul aka tomorqa ilmini puxta egallagan dehqonlardan. Uning 17 sotixli tomorqasi shunchaki ekin maydoni emas, balki oilaviy daromad keltiruvchi kichik bir korxonaga aylangan. Maydonning 6 sotixida barpo etilgan issiqxonada ayni paytda “Alamina” navli pomidorlar barq urib rivojlanmoqda.
Bu ish Norqul aka uchun yangilik emas. U mana 5 yildirki, issiqxona xo‘jaligini yuritish, ko‘chat parvarishlash va hosildorlikni oshirish sirlarini o‘rganib kelmoqda. To‘plangan tajriba esa bugun o‘z mevasini beryapti.
Qishning chillasidagi harakat sohibkorning ta’kidlashicha, issiqxona yumushlari vaqt va quntni talab etadi. Pomidor ko‘chatlari o‘tgan yilning 10-dekabr kuni, ya’ni qishning chillasiga yaqin vaqtda yerga qadab chiqilgan.
Hozirda oilaning 3 nafar a’zosi kundalik parvarish ishlarida band.
“Yerga mehr bersangiz, u albatta javobini qaytaradi”, — deydi Norqul Toshboyev.
— “Pomidor ekishni vaqtida boshlasang, parvarishini e’tibor bilan qilsang, hosili ham shunga yarasha bo‘ladi. Tomorqadan nafaqat ro‘zg‘orga, balki bozorga ham mahsulot chiqaryapmiz”.
Bugun bozorlarimizning to‘kinligi mana shunday mehnatkash insonlarning say’-harakatlari natijasidir. Norqul aka kabi mirishkorlar nafaqat o‘z oilasining ehtiyojini qondirmoqda, balki ichki bozorni sifatli va sarxil mahsulotlar bilan ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mehnat qilgan odam yerda xor bo‘lmaydi. Angorlik dehqonning tomorqasidagi bugungi manzaralar esa “Mehnat — baraka manbai” ekanligining yorqin tasdig‘idir.
Gavhar JUMAYEVA.
Ўзбекча
Русский
English