Tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi
Bugun iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlar faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, tadbirkorlar qancha ko‘p bo‘lsa va ko‘proq daromad ko‘rsa, davlat ham shuncha boy bo‘ladi. Shu bois ishning ko‘zini biladigan, vatanparvar va fidoyi tadbirkorlar davlatimiz tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Soha vakillari ularga yaratib berilayotgan qulay sharoit, qator yengillik va erkinliklardan kuch olib, iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylanib boryapti. Mamlakatimizda qulay tadbirkorlik muhiti yaratish borasidagi ishlar samarasi yangidan yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilayotgani, ishbilarmonlar safi tobora kengayib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ular bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, o‘zi va oilasi bilan bir qatorda, mahallasi, el-yurtimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shyapti
Bugungi kunda iqtisodiy-ijtimoiy sohani isloh qilish, erkin tadbirkorlik faoliyatini qaror toptirish borasidagi islohotlar mantiqiy izchillikda davom ettirilyapti. Xususan, yaqin yaqingacha tadbirkorlardan mavjud ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobot bekor qilinmoqda. Bu tadbirkorlarga nima beradi? Avvalo, soha vakillari uchun eng qadrli va qimmatli jihat – vaqt tejaladi. Qolaversa, har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati o‘zida qoladi. O‘z navbatida esa, tejalgan vaqt yangi biznes loyihalar ustida ishlash, mablag‘ esa biznesni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga turtki bo‘ladi. Joriy yilga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilishi zamirida ham chuqur ma’no mujassam. Bu 2024-yilda ham yurtimiz aholisining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadigan yoshlar hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining tom ma’nodagi lokomotiviga aylangan biznes sohasi yanada qo‘llab-quvvatlanadi, degani.
Haqiqatdan ham, O‘zbekiston biznes yuritish uchun yildan yilga qulay mamlakatga aylanib bormoqda. Shubhasizki, 2024-yilda tadbirkorlarga yanada keng qulayliklar yaratiladi, ularning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun bor kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etiladi. Bu o‘z navbatida, 5 million aholi bandligini ta’minlashda qo‘l keladi. Ushbu maqsadlar uchun 83 trillion so‘m va 275 million dollar kredit hamda subsidiyalar yo‘naltirilishi tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, soha vakillarining samarali mehnat qilishiga imkon yaratadi.
Mazkur jarayonda reyting joriy qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ladi. Buning ahamiyati haqida davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgan edi. Shundan so‘ng, mazkur reytingning mezonlari va tartib-tamoyillari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 toifaga ajratiladi. Bu soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ladi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda va boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov uch kunda qaytarib beriladi. Eng muhimi, tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.
Yana bir muhim jihat shundaki, endi tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Ya’ni inson omili cheklanishi hisobiga sohada ochiqlik va shaffoflik ta’minlanadi. Bu o‘z navbatida, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga xizmat qiladi. Sodda qilib aytganda, kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar mazkur reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi.
Quvonarlisi, bu reyting tadbirkorlarga o‘z hamkorlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot beruvchi himoya tizimiga aylanadi. Ya’ni, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobatga chek qo‘yilib, “yashirin” iqtisodiyot qisqaradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 15-yanvar kuni tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanish chog‘ida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, bu tizimni puxta ishlab chiqib, adolatli va samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham kichik va o‘rta biznesning xalqaro bozorlarga chiqishiga imkoniyatlarni kengaytirish, mikro moliyalashtirishni rivojlantirish, innovatsiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik biznes bilan kooperatsiyani rivojlantirishning yangi instrumentlarini amaliyotga joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga barcha xizmatlarni “Yagona darcha” tamoyili asosida onlayn portal orqali ko‘rsatish va xizmat ko‘rsatish vaqtini o‘rtacha 3 barobarga qisqartirish maqsad qilingan. Bularning barchasi tabiatan omilkor xalqimizning tadbirkorlik faoliyati bilan erkin va samarali shug‘ullanishi, kichik biznesning jadal sur’atda rivojlanishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun tadbirkorlik eng katta va ayni paytda milliy iqtisodiyotimizning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, kichik biznes vakillarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi yaqin vaqt ichida mamlakatimizda tadbirkorlar soni yanada ortib, iqtisodiy barqarorlik ta’minlanishi, aholi farovonligi oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ra’no Qobulova,
Xalq deputatlari Angor tumani Kengashi deputati
Ўзбекча
Русский
English