Ta’lim-tarbiya millat saodatining ko‘zgusi

Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Bu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Sababi barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya orqali erishiladi. Zero, ta’lim va tarbiya insonning asl siyratini ko‘rsatuvchi shaffof oyna hamdir.

Mamlakatimizda ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, sog‘lom, yuksak ma’naviyatli yoshlarni voyaga yetkazish, o‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh avlod ongiga Vatanga sodiqlik va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani boisi ham shunda.

Xususan, Prezidentimiz raisligida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Barchamizga ayonki, hududlardagi yaxshi sportchilarni kashf qilish maqsadida ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, sportni ommalashtirish bo‘yicha tizim to‘liq va yuqori samara bilan ishlashi kerak. Joriy yilda mazkur sohaga qariyb 2 trillion so‘m ajratilayotgani e’tiborga molik.

Shuningdek, mahallalarni futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi kabi sportning 12 ta ommaviy turidan biriga ixtisoslashtiriladi. Yil davomida “sektor — tuman — viloyat — respublika” darajalarida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazilsa, “Sport maktablari – sport kollejlari — sport federatsiyalari — oliy mahorat maktablari” zanjiri asosida doimiy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirib boriladi. Bu o‘z navbatida, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, sport bilan shug‘ullanib, ma’nan yetuk, jismonan sog’lom va aqlan barkamol bo’lib voyaga yetishlariga zamin yaratadi.

Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, “Har bir millatning saodati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”. Lekin keyingi paytda yoshlar tarbiyasi va ongiga tahdidlar tobora kuchayib borayotgani kishini o‘ylantiradi, mushohadaga chorlaydi. Xo‘sh buning asosiy sabablari nimada? Bu ta’lim muassasalari rahbarlari yoshlarning o‘qishdan keyin nima bilan shug‘ullanayotganiga, ota-onalarning ham farzandlari uchun vaqt ajratib, ularni fanlarni qay darajada o‘zlashtirayotganiga qiziqmayotgani bilan bog‘liq, nazarimda.

Yoshlarni ana shunday mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularga sog‘lom fikr va motivatsiya berishga qaratilgan kontentlarni ko‘paytirish, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ixtisoslashgan alohida teleko‘rsatuvlar tashkil qilish, xorijdagi yoshlarimizga ko‘mak berish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilishi ayni muddao bo‘ladi.

Bular hali hammasi emas. Har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan madaniyat markazini barpo etish ishlari jadallashtiriladi. Yoshlar o‘rtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarni tahlil qilib, ularning zararli ta’siridan himoyalash va ijobiy tomonidan foydalanish bo‘yicha ota onalar va o‘quvchilarga sodda tilda qo‘llanmalar yaratiladi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Bu borada o‘quvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv metodikalari ishlab chiqilishi g‘oyatda muhim, deb hisoblayman. Sababi yoshlar qanchalik ma’naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shunchalik kuchli bo‘ladi.

Umuman olganda, yig‘ilishda belgilab berilgan muhim tashabbuslar nihoyatda zalvorli. Demak, yoshlarning kelajagi, ertangi taqdiri, ularni sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida har birimiz mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Zotan, inson hayoti uchun qon qanchalar muhim bo‘lsa, millat yashashi uchun yoshlar shunchalar muhimdir.

Sh.Qo‘ziyeva,

Xalq deputatlari Angor tumani Kengashi deputati