Oila — jamiyatning bir bo‘lagi
Oila — jamiyatning bir bo‘lagi. Jamiyat ravnaqi oila ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Demak, oilalar mustahkamligiga davlat siyosati darajasida qaralayotgani bejiz emas.
Turmushimiz tobora farovonlashayotgan paytda oilalar mo‘rtlashayotgani tashvishlanarli holat. Ushbu masala yuzasidan ko‘plab yurtdoshlarimiz bilan muloqot qilar ekanmiz, ular keltirayotgan sabablar ham turlicha.
Ba’zilar ajrimlarni globallashuv bilan bog‘laydi. Insonlarning haddan tashqari erkinlashib ketayotgani oqibatida ko‘pchilik faqat o‘zini o‘ylaydigan, mas’uliyatsiz bo‘lib qolgan, degan fikrlar ham ko‘p bildirildi. Nazarimda, bu muammo ma’naviyatimizdagi ayrim nuqsonlar bilan bog‘liqday.
Ajrimlarga faqat kelinlar aybdor, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Qizlar turmushga chiqqanidan keyin yangi oilada o‘z o‘rnini topishi oson emas. Ota uyida erkalanib yurgan qiz bu yerda e’tibor markazida bo‘ladi. Uy yumushlarining barchasi uning zimmasiga yuklanadi. Xonadonda alpomishday yigit yo barchinoyday qiz bo‘lsa-da, ularning uy yumushlarini bajarishi “qoida” larga to‘g‘ri kelmaydi. Hammasini kelin qilishi kerak!
Yo‘qsa, kelinning “tarbiyasi buzilib” ketishi mumkin. Afsuski, bunday fikrlovchilar ko‘pchilik. Ham ishlash yoki o‘qish, ham oila yumushlarini bajarish ba’zan yosh kelinga og‘irliq qiladi. Ana shunday vaziyatda oilalarda turli mojarolar, muammolar kelib chiqadi.
Ayol oilaning bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Albatta, bu ayolning oilada o‘ziga xos o‘rni borligining ishorasidir. Ayollarimiz jamiyatda o‘z o‘rniga, mavqeiga egadilar.
Ularning oilada ham munosib o‘rni borki, oila qo‘rg‘onini ayollarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Qiz bola dunyoga kelsa, bolaligidan boshlab uni kelinlikka tayyorlaymiz. Ammo, bu tayyorgarligimiz odatda qizga sep yig‘ish, uy yumushlarini bajarishni o‘rgatishdan iborat bo‘ladi. Afsuski, qiz bolaning ma’naviy, axloqiy, jismoniy salomatligiga kamdan-kam e’tibor qaratamiz. Muomala madaniyatiga ega bo‘lmagan, qo‘lida biron hunari yo‘q, hayotning achchiq-chuchuklarini sabr-bardosh bilan yengib o‘tishga ma’naviy salohiyati yetmaydigan qiz yaxshi kelin bo‘lishi dargumon.
Oilaviy ajrimlar jamiyat uchun faqat zarar keltiradi. Shu bois ushbu muammoning oldini olishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu jarayonda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, notinch oilalar o‘rganilib, yarashtirilmoqda, muammolarini hal qilishga ko‘maklashilmoqda.
Shahnoza RAHMONOVA
FHDYO bo‘limi mudiri
Ўзбекча
Русский
English