Metrologiya sohasining jamiyatdagi o‘rni

Atrofimizda ixtiyoriy olingan biron bir obyekt to‘g‘risida gap borganda, albatta ularni tavsiflovchi muayyan xossalarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Bu xossalar ko‘p yoki kam darajada namoyon bo‘lib, boshqacharoq aytganda miqdoriy baholanishi mumkin. Odatda miqdoriy baholashni faqatgina o‘lchashlar orqali amalga oshirish mukin.

O‘lchov amallarini o‘rganuvchi fan tarmog’i “Metrologiya” deb ataladi. Metrologiya so‘zi grekcha so‘z bo‘lib, “metros” – kenglik va “logos” – fan ma’nolarini bildirib, kenglik haqidagi fan, aniqroq ma’noda esa o‘lchov haqidagi fan demakdir. O‘lchashlar inson faoliyatining ajralmas bo‘lagi bo‘lib, uning ongli hayotini asosini tashkil etadi. Kishi erta bilan uyg‘ongan zahoti birinchi navbatda vaqtni baholaydi, ishga, o‘qishga ketayotganda masofani baholaydi va h.k. O‘lchashlar uzluksiz, takror yoki davriy ravishda, ba’zan bilgan holda, ba’zan esa bilmagan holda sodir bo‘lib turadi. Ona tabiat insonni shunday bir ajoyib xususiyat, hissiyot bilan ta’minlaganki, uni murakkab bir o‘lchash asbobi sifatida tushunishimiz mumkin. Ammo, shuni ta’kidlash zarurki, atrofdagi muhitni, borliqni faqat hissiyot vositasidagina bilish yetarli emas, faqatgina ularni o‘Ichashlar orqaligina bilib kerakli xulosalar chiqarib olishimiz mumkin. Zamonaviy tarixiy metrologiya fanining asosiy vazifasi insoniyat tarixiy taraqqiyotining turli davrlarida qo‘llanilgan o‘lchov birliklari tarixi va ularning hozirgi o‘lchov birliklariga muvofiqligini yoritish, ajdodlarimizning bebaho me’rosini kelajak avlodlarga yetkazishdan iboratdir. Tarixiy metrologiya ijtimoiy-iqtisodiy, xo‘jalik, huquq, madaniy tarixni o‘rganishda zarurdir.

Ba’zi manbalarda XIX asr oxiridan kitob va manbalarda metrologiya termini uchrashi qayd etiladi. Vaholanki, o‘lchovshunoslik poydevoriga ajdodlarimiz qadimdan asos solib kelingan. Dastlab ular, kundalik ishlarida zarur bo‘lgan vaqt, uzunlik, yuza, hajm  va og‘irliklarni o‘lchash uchun kerak bo‘lgan usullarni topib, ulardan amalda foydalanishgan. Eng qadimgi o‘lchash birliklari antropometrik, ya’ni insonning muayyan a’zolariga muvofiqlikka yoki moyillikka asoslangan holda kelib chiqqan o‘lchash birliklari hisoblanadi. Masalan;

Qarich – qo‘l kafti yoyilgan holda bosh barmoq va jimjiloq orasidagi masofa; Qadam – balog‘at yoshidagi odamning sokin odimlashdagi yurish birligi;

Tirsak – kaft va tirsak orasidagi masofa;

Chaqirim – ochiq dala sharoitida birining tovushi ikkinchisiga eshitilishi mumkin bo‘lgan masofa;

Ladon – bosh barmoqni hisobga olmagan holda, qolgan to’rtta barmoqning kengligi;

Fut – oyoq tagining uzunligi;

Pyad – yozilgan bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasidagi masofa;

Yard – o’lchov birligi. Qirolning burni uchidan oldinga cho’zilgan qo‘lning o‘rtancha barmog‘i uchigacha bo‘lgan masofa;

Antropometrik o‘lchash birliklari bilan bir vaqtda tabiiy o‘lchash birliklari ham paydo bo‘la boshlagan. Bu birliklar sifatida tabiatdagi ba’zi doimiy, o‘zgarmas hisoblangan obyektlarning xususiyatlari olingan. Masalan, turli qimmatbaho toshlarning o‘lchov birligi sifatida keng qo‘llanilgan, “no‘xotcha” ma’nosini anglatuvchi “karat”,  “bug‘doy doni” ma’nosini bildiruvchi “gran” shular jumlasidandir. Har bir ishda muayyan tartib-qoidalar bo‘lgani kabi o‘lchashlarning ham o‘ziga xos bo‘lgan qoidalari, usullari va uslublari mavjud bo‘lib, bularnmg bari o‘zining me’yoriy hujjatlari asosida biror bir tizimga keltiriladi.

Ch.Umirov,

“O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi Surxondaryo filiali I-toifali mutaxassisi

0 izox

Izox qoldirish