9-iyun — Xalqaro arxivlar kuni

Har bir mamlakat, xalq, qolaversa, butun insoniyat tarixini o‘rganishda arxivlarning o‘rni beqiyos. Zero, aynan shu masalalar tufayli o‘tmishning o‘qilmagan va o‘rganilmagan sahifalari ochiladi. Faktlar, voqea va hodisalar, jarayonlar tadqiq qilinib, xulosalar chiqariladi.

1919-yil 5-noyabrda Turkiston respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining № 62-sonli “Arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublikamizda arxiv xizmatiga asos solindi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi orqali arxiv hujjatlarini maxsus muassasa tomonidan tartiblashtirilgan holda jamlash va saqlashni amalga oshirilishiga tamal toshi qo‘yilgan.

Tariximizni o‘rganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni o‘zgartirishimizni, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimizni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun  ham arxivga  e’tibor yildan-yilga ortib bormoqda. Davlatimiz tomonidan arxivlarga azaldan har bir davrda o‘ziga yarasha, imkoniyat doirasida g‘amxo‘rlik qilib kelingan. Arxivlar uchun maxsus binolar ajratilgan, arxiv hujjatlarini asrash, kelgusi avlodlarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Shu jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning arxiv sohasi to‘g‘risida  quyidagi so‘zlari yodga tushadi “Boy tariximiz  durdonasi bo‘lgan madaniy merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur” degan edi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida e‘tibor juda o‘zgardi, arxivlarga yangi binolar qurilmoqda hamda ular mutaxassislar bilan mustahkamlanib borilmoqda. Arxivlarda hujjatlarni saqlashning, foydalanishning yangi usullari, jumladan, elektron variantlarni qo‘llash uchun amaliy ishlar qilinmoqda. O‘tgan davr mobaynida arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilmalar yaratildi, arxiv hujatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Angor tumani davlat arxivi 1980-yil 21-aprelda Surxondaryo viloyati hokimligi arxiv bo’limining № 3-sonli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan. Angor tumani davlat arxivi direktori vazifasida 1980-1991-yillarda Yo‘ldoshev Boboyor, 1991-2002-yillarda Muhammadiyev Norboy, 2002-2017-yillarda Allamurodov Abdiqodir, 2017-2021-yillarda Xushboqov Faxriddin faoliyat yuritgan. 2021-yildan hozirgacha Allamurodov  Abdiqodir  davlat arxivi direktori vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Respublikamizdagi barcha arxiv xodimlarini 9-iyun “Xalqaro arxivlar” kuni munosabati bilan chin yurakdan arxiv jamoamiz nomidan tabriklaymiz va ishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 Angor tumani davlat arxivi jamoasi