TARMOQDA KO‘RINGAN IDEAL – H A Q I Q A T M I ?

Bugungi kunda telefon ekranida boshqalarning hayotiga qarab, o‘zimiznikini baholaydigan zamonga aylanib qoldik. Ijtimoiy tarmoqlar –Instagram, TikTok, YouTube – go‘yo har kimning hayotini go‘zal, boy, shodon va muvaffaqiyatli ko‘rsatishga xizmat qilayotgandek. Ammo ushbu “trend” hayoti ortida aslida nima bor? Bu haqiqatmi yoki faqatgina bezatilgan, real bo‘lmagan tasvirmi?

Yoshlar orasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik kuchaymoqda. Ko‘pchilik ideal hayotni kameraning orqasida emas, kameraga qarab yashayapti. Nafaqat kundalik ovqatlar, balki kayfiyat, hissiyot, baxt ham trendga aylantirilib borilmoqda. Kimdir boshqalarning “muvaffaqiyatli” hayotini ko‘rib, o‘zini ortda qolayotgan, omadsiz deb his qilmoqda. Bu esa ruhiy tushkunlik, o‘ziga ishonchsizlik va yolg‘izlik hissini kuchaytiradi.

Haqiqat shuki, tarmoqda ko‘ringan hayot har doim ham to‘liq haqiqat emas. Ko‘pchilik faqatgina ijobiy lahzalarni, bezatilgan kadrlarda aks ettiradi. Kamera o‘chirilgach, ushbu “ideal” hayot egasi ham siz-u biz kabi muammoga duch keladi, xafa bo‘ladi, qiynaladi. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqdagi obrazlar bilan o‘z hayotingizni solishtirish – bu shaffof oyna bilan rangli ko‘zguni solishtirishdekdir.

Trendga ergashish yomon emas, biroq trendga aylanib qolish xavfli. Chunki shunda inson o‘z “men”ini yo‘qotadi, o‘z qadriga emas, ko‘pchilikning “layk”lariga qarab baho bera boshlaydi. Aslida esa eng katta qadriyat – o‘zligingni saqlab qolgan holda yashashdir.

Haqiqiy hayot – bu har doim ham mukammal emas. Ba’zan muvaffaqiyat, ba’zan esa xatolar, quvonch va tushkunliklar aralash keladi. Shuning uchun, trend ortidan quvishdan ko‘ra, o‘z orzularing, maqsadlaring va qadriyatlaring ortidan borish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Trend vaqtincha, ammo o’zliging – abadiy.

Fotima Choriyeva,

Termiz davlat universiteti, Xorijiy filologiya fakulteti, tarjima nazariyasi va amaliyoti 1-kurs talabasi.

0 izox

Izox qoldirish