Sog‘lom yurak — umr kafolati

Yurak-qon tomir kasalliklari bugungi kunda dunyo miqyosida eng ko‘p uchraydigan xastaliklardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, ushbu kasalliklarning aksariyatini o‘z vaqtida profilaktika qilish orqali oldini olish mumkin. Shu bois aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, erta tashxis va muntazam tibbiy nazoratni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy xavf omillari — qon bosimining oshishi, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik, chekish va stress holatlaridir. Ayniqsa, 40 yoshdan oshgan fuqarolar muntazam ravishda qon bosimi, qondagi qand va xolesterin miqdorini tekshirib turishi tavsiya etiladi. Erta aniqlangan xastalik samarali davolanadi va og‘ir asoratlarning oldi olinadi.
Shifokorlar ta’kidlashicha, sog‘lom ovqatlanish yurak salomatligining muhim garovidir. Ratsionda tuz va yog‘li taomlarni kamaytirish, sabzavot va mevalarni ko‘paytirish, gazli va shirin ichimliklardan voz kechish maqsadga muvofiq. Shuningdek, kuniga kamida 30 daqiqa jismoniy faollik — piyoda yurish, yengil sport mashg‘ulotlari yurak faoliyatini yaxshilaydi.
Mutaxassislar bir ovozdan ta’kidlaydilar: sog‘lom yurak — sog‘lom jamiyat demakdir. Har bir inson o‘z salomatligiga befarq bo‘lmasligi, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi orqali yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishi mumkin.
Zebo Jo‘rayeva,
Angor tumani tibbiyot birlashmasi katta hamshirasi

0 izox

Izox qoldirish