Quturish hayvon va odamlarda uchraydigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, uni nerv tizimini shikastlantiruvchi viruslar qo‘zg‘atadi. Viruslar ko‘plab miqdorda quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning so‘lagi bilan tashqi muhitga ajraladi. So‘lakda viruslar kasallikning yashirin, ya’ni kasallik belgilari yuzaga chiqmagan davridan mavjud bo‘ladi. Quturish kasalligiga chalingan it, mushuk, kalamush, bo‘ri, chiyabo‘ri, bo‘rsiqlar kasallikning asosiy manbai hissoblanadi.
Quturish kasalligi qanday yuqadi?
Kasallik odamga va hayvonlarga quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning tishlashi, so‘lagining tegishi va tirnashi natijasida yuqadi.
Kasallik qanday belgilar bilan kechadi?
Odamda kasallikning yashirin davri o‘rtacha 10-14 kun, ba’zida 1yilgacha va undan ko‘proq ham davom etishi mumkin. Dastlab tishlangan joy qichiydi, tortishib og‘riydi, bitta jarohat va chandiq takroran yallig‘lanishi mumkin. Bemor tushkunlikka tushadi, odamlar bilan muloqot qilishdan qochadi, uyqusi buzilib, ishtahasi bo‘g‘iladi. Unda qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi, kayfiyati o‘zgarib turadi.
Kasallikning qo‘zg‘alish, ya’ni avj olish davrida, bemorning tana harorati ko‘tariladi, suvdan, havo (shamol) dan, yoruqlikdan, tovushdan qo‘rqish alomatlari paydo bo‘ladi.
Bemorning ovozi bo‘g‘iladi, terlaydi, so‘lagi oqadi, tomirning tez-tez urishi davom etadi, nafas olishi buziladi. Muskullarning tortishishi nafas va yutinish muskullaridan boshlanib, keyin hamma muskullarga tarqaladi. Es-xushi kirarli-chiqarli bo‘lib qoladi, keyinchalik bemorning ko‘ziga yo‘q narsalar ko‘rinadi, u alahsiraydi.
Shundan keyin muskullarning falaji boshlanadi. Bemor kasallik boshlanganidan 4-6 kundan keyin vafot etadi. Kasallik 100% o‘lim bilan tugaydi.
Quturish hayvon tishlaganda, tirnaganda yoki so‘lagi tekkanda, zudlik bilan tibbiy yordamga murajaat qilish va quturish kasalligiga qarshi emlashni o‘z vaqtida, shifokor tavsiyasiga qat’iyan rioya qilgan holda olish, kasallikning oldini olishning oltin qoidasi ekanligini unutmang.
Quturish kasalligining oldini olish uchun
-Uy hayvonlarini, ayniqsa itlarni bog‘langan holda saqlang. Ularni qarovsiz qoldirmang. Begona it va mushuklar bilan muloqot qilmang!
-Hayvonlarni quturishga qarshi emlating!
-Qarovsiz daydi it va mushuklarning paydo bo‘lishiga zinhor yo‘l qo‘ymang!
-Farzandlaringizga qarovsiz va kasal itlar bilan muloqot qilmaslik kerakligini quturish kasalligi hayvonlarning tishlashi, tirnashi, shuningdek, so‘lagining tegishi natijasida ham yuqishi mumkinligini muntazam eslatib turing!
-Hayvonlarni parvarishlash madaniyatiga rioya qiling va boshqalarni ham shunga o‘rgating.
-Agar bordi-yu it (mushuk) tishlasa, so‘lagi tegsa yoki tirnasa jarohatning katta kichikligidan qat’iy nazar, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling.
Sh.Bakirov,
Angor tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish hayvonlar sog‘ligni saqlash tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi
Ўзбекча
Русский
English