Kuydirgi –kasalligidan ogoh bo‘ling!

Kuydirgi kasalligi – zooantropanoz kasallik bo‘lib hayvonlar va odamlarda uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

Kasallik qo‘zg‘atuvchisi-tuproq infeksiyasi bo‘lib, hayvonlarga alimentar yo‘l bilan yem-xashak orqali yuqadi, odamlarga tuproqda yalang oyoq ishlaganda, paxsa (devor) urganda, kulolchilarda, dehqonchilik ishlarida himoyalanmagan qo‘l bilan ishlaganda, ochiq jarohat orqali, kuydirgi bilan kasallangan hayvonlarni so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash, kalla-pocha va oshqozon-ichaklarini tozalash jarayonlarida yuqadi.

   Hayvonlarda kuydirgi kasalligi juda og‘ir kechib, tana harorati to‘satdan 40-410Sgacha ko‘tariladi, ichaklardan qon ketadi, holsizlanib yotib qoladi va bu holat o‘lim bilan yakun topadi.

Kuydirgi kasalligi hayvonlardan hayvonlarga, hayvonlardan odamlarga yuqadi, lekin kasallik odamdan odamga yuqmaydi.

Kasallik odamlarda qanday kechadi?

-Odamlarda kasallik asosan (98,0-99,0% holatlarda) teri yarasi (korbunkul) shaklida namoyon bo‘ladi.

-Bemorlarda tana harorati ko‘tariladi.

-Kuydirgi yarasi og‘riqsiz bo‘ladi, yaraning ustki qismi ko‘mir rangiga o‘xshash qora po‘stloq bilan qoplanadi, yara atrofi qizarib, shish paydo bo‘ladi.

-Kuydirgi yarasi ko‘pincha badanning ochiq qismlarida (qo‘l, oyoq, yuz, bo‘yin) uchraydi.

Kuydirgi kasalligidan saqlanish uchun:

-chorva mollarini veterinar ko‘rigidan o‘tkazib, kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish;

-kasal bo‘lgan hayvonlarni veterinar ruxsatisiz so‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik, mollarni faqat qushxona va so‘yish maydonchalarida veterinar ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng so‘yish;

-duch kelgan joylardan go‘sht sotib olmaslik, go‘sht povilonlari va do‘konlardan xarid qilish;

-hayvonlarni parvarish qilishda shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya etish;

-chorva mollari kasallanganda, zudlik bilan veterinariya xizmati idoralariga murojaat qilish kerak.

Sh.Bakirov,

Angor tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish hayvonlar sog‘ligni saqlash tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi

0 izox

Izox qoldirish