Kitob- tafakkur kemasi

Kitob o‘zidagi ma’nolar xazinasini ajdodlardan avlodlarga yetkazuvchi tafakkur kemasidir. An’anaviylikni xush ko‘ruvchi insonlar orasida bosma kitoblarni ma’qullovchilar talaygina. Birinchidan, mutolaa kitobxonga o‘ziga xos kayfiyat baxsh etadi, ma’lumotlar xotirada yaxshi saqlanib qo‘ladi. Ikkinchidan, smartfon yoki dasturli qurilmalardan foydalanmaydigan keksa yoshli kishilar  uchun an’anaviy kitoblarni o‘qish ancha qulayroq. Qolaversa, bosma kitoblarni saqlash va yaqinlarimizga  esdalik sifatida berishimiz  mumkin. Deyarli barcha badiiy kitoblarimda kursdoshlarimning menga atalgan tilaklari bor. Har safar o‘sha kitoblarni varaqlaganimda, talabalik davrimni xotirlayman.

Elektron kitoblar mutolaasi tarafdorlari fikricha, bu kabi kitoblar  ko‘pchilik insonlarga qulaylik yaratadi. O‘zimizga kerakli kitoblarni internet orqali tezda yuklab olishimiz mumkin. Bu vaqtni va mablag‘ni tejaydi. Bu kitoblarni flesh xotiralarda saqlash va yonimizda olib  yurish ham qulay. Bundan tashqari, ko‘zimizni toliqtirmaslik uchun elektron kitoblarning matnini har xil o‘lchamga va turli rangga o‘zgartirib o‘qish imkoniyati bor. Ro‘zg‘or ishlarini bajarayotib audio kitoblar tinglash men uchun odatiy holga aylangan. Bu vaqtimni tejaydi, ko‘z nurimga ham mutlaqo bezarar.

Fikrimcha, an’anaviy kitoblar bizga azaldan qadrdon. Elektron adabiyotlarni izlab topish, o‘qish har qancha qulay bo‘lmasin, mutolaa zavqini an’anaviy kitoblargina bera olishi ayni haqiqat. Sahifalarini varaqlab, poligraf siyohi hidini tuyib o‘qilgan kitoblar inson ruhiyatiga quvvat, tasavvurlariga jon, g‘amlariga sherik bo‘ladi.  Axir, inson jismi taom va suv bilan oziqlangani singari ma’naviyati kitobdan quvvat oladi.

Xulosa shuki, har ikki turdagi kitobdan qay birini mutolaa qilish kitobxonning  o‘ziga bog‘liq.

Har kim yuqoridagi jihatlarini hisobga olgan holda, o‘z tanlovini qilmog‘i kerak. Muhimi shuki, qay yo‘l bilan bo‘lsa-da, kitobxonlik madaniyatini oiladayoq shakllantirish lozim.

Sabohat Shoto‘rayeva,

5-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

0 izox

Izox qoldirish