Kasalliklarga qarshi kurashish hosildorlikni oshiradi

Bu yilgi bahorning seryog‘in kelishi kutilayotgan bir paytda boshoqli don ekinlaridan mo‘l-hosil olish uchun agrotexnik tadbirlar o‘tkazish bilan bir qatorda, kasallik, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi samarali kurash tadbirlarini o‘tkazish muhimdir. G‘alla hosiliga qorakuya kasalliklari, fuzarioz, septarioz, unshudring ayniqsa, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklari jiddiy zarar yetkazadi.

Ushbu kasalliklar ichida sariq zang kasalligi o‘ta xavfli bo‘lib, bu kasallik don to‘lish fazasida uchraganda 5-10 foizdan 30-35 foizgacha hosilni nobud qiladi. Kasallik g‘allani bayroq barg chiqarish fazasida (boshoq chiqarish arafasi) sariq zang rivojlanish darajasi o‘rtacha 50-60 % ga yetsa, don hosilining 45-50 % yo‘qotish mumkin. Uning keng tarqalishi va rivojlanishiga seryomg‘ir va ochiq havoning surinkali almashib turishi qulay sharoit tug‘diradi, yuqori namgarchilikda uning sporalari o‘sa boshlaydi, 2 gradus haroratda esa o‘simlik to‘qimasiga kiradi. Kasallikning tez tarqalishi va rivojlanishi uchun o‘rtacha harorat 8-15 gradus bo‘lganda ommaviy ko‘payib, g‘alla maydonlariga tarqalib ketadi. Qo‘ng‘ir zang kasalligi biroz yuqoriroq haroratda ya’ni 16-22 gradusda yaxshi rivojlanadi. So‘nggi yillarda kasallikning bundan ham yuqoriroq haroratlarda rivojlanishiga moslashgan ekotiplari paydo bo‘ldi. Hatto mintaqalarda kasallik o‘ta kuchayib, epifitotiya shaklida tarqalmoqda. Kuzgi bug‘doy zang bilan zararlangan kuzgi bug‘doy o‘simliklari rivojlanishi jumladan, yashil tusini saqlagan barg yuzasi kamayadi, ildizlari zaiflashadi, ozuqa moddalar va suvni o‘zlashtirilishi susayadi, bo‘yi past poyasi nozik bo‘lib, yotib qolishga moyilligi ortadi, gullar boshoqchalar soni kamayadi, don puch bo‘lib qoladi va yalpi hosil kamayadi. Respublikamizning g‘alla maydonlarida uchraydigan zamburug‘li kasalliklarga qarshi samarali usullarni qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Eng yaxshi choralardan biri avvalo kasallikka chidamli navlarni ekish hamda kasallik tarqalishining oldini olish hisoblanadi.

Boshoqli don ekinlarining kasalliklariga qarshi kimyoviy kurash choralari o‘simlikning kasallanish darajasi 5-20 %gacha zararlanganda boshlanadi. Zang kasalliklari bilan kasallanishga moyil bo‘lgan maydonlarda profilatik kimyomviy kurash o‘tkazish zarur. Kasalliklarga qarshi vaqtida samarali kurash tadbirlari o‘tkazilmasa, g‘alla hosilini 50-60 foizgachasi nobud bo‘lishi mumkin.

Zohid Safarov,

Dilshod Xurramov,

Surxondaryo viloyati O‘simliklar Karantini va himoyasi Angor tumani bo‘limi fitosanitar  nazorati davlat inspektorlari

0 izox

Izox qoldirish